Belaruslik «rels partizanlari» 20 yildan ortiq qamoq jazosiga hukm qilindi
Ukrainadagi urushda qatnashish uchun Rossiya harbiy texnikasi bilan poyezdlar ketayotgan Belarus temiryo‘lida qo‘poruvchilik qilishda ayblangan uch nafar belaruslik 20 yildan ortiq qamoq jazosiga hukm qilindi. Sud jarayoni yopiq eshiklar ortida o‘tkazildi.
27 dekabr kuni Gomel viloyat sudi Belarusda Rossiya harbiy texnikasi bo‘lgan poyezdlar Ukrainadagi urushda qatnashish uchun harakatlangan temiryo‘lda sabotaj qilishda ayblanayotgan uch nafar belaruslik ustidan hukm e’lon qildi. «Zerkalo» nashriga ko‘ra, Denis Dikun 23 yilga, Dmitriy Ravich 22 yilga, Oleg Molchanov esa 21 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Shuningdek, har biriga 4800 Belarus rubli miqdorida jarima solindi va tintuvlar davomida aniqlangan mol-mulki musodara qilindi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 28 fevral kuni Gomel viloyati Svetogorsk shahrining uch nafar fuqarosi Dikun, Ravich va Molchanov «Jyerd-Ostankovichi» temiryo‘l liniyasida (Gomel viloyati) rele shkafiga o‘t qo‘ygan. Shu sababli, uchastkada svetoforlar va ko‘rsatkichlar ishlashni to‘xtatdi, bu esa Ukrainadagi urush uchun RF Qurolli kuchlarining qurollari va harbiy texnikasi bo‘lgan poyezdlar jadvalida uzilishlarga olib kelishi mumkin edi.
Uchalasi ham 4 mart kuni Svetlogorskda hibsga olingan va ularga bir nechta moddalar bo‘yicha ayblov qo‘yilgan: Jinoyat kodeksining 361-1-moddasi 3-qismi («Ekstremistik tuzilishda ishtirok etish»), 289-modda 3-qism («Uyushgan guruh tarkibida sodir etilgan, og‘ir oqibatlarga olib keladigan, odamlar uchun o‘lim xavfini tug‘diradigan va ularga tan jarohati yetkazadigan terrorchilik harakati»), 309-modda 2- va 4-qismi («Aloqa vositalarini qasddan yaroqsiz holga keltirish, bu og‘ir oqibatlarga olib kelishi, shuningdek avariya, baxtsiz hodisa va odamlarning o‘limi xavfini yuzaga keltirishi») va 356-modda 1-qism («Davlatga xiyonat»).
Belarus Tergov qo‘mitasi Dikun, Ravich va Molchanovlarga o‘lim jazosi berilishi mumkinligini ma’lum qildi. "Vesna" inson huquqlari markazining advokati Pavel Sapelka, iyun oyida DW uchun vaziyatni sharhlar ekan, bu haqiqatga yaqin emasligini aytdi. Shunga qaramay, yakuniy hukm Belarusdagi temiryo‘lda qo‘poruvchilik holatlari bo‘yicha eng og‘ir hukm bo‘ldi, deya ta’kidlaydi "Zerkalo". Hozirgacha Belarus «rels partizanlari» uchun maksimal muddat 16 yil edi.
Dikun, Ravich va Molchanov ustidan sud oxirgi uch oydan beri yopiq eshiklar ortida o‘tgan, shu bois mahkumlarning hukmga nisbatan pozitsiyasi noma’lum. Ularning qarindoshlari ayblovlar «mutlaqo bema’nilik» ekani, unga «hech qanday asos yo‘q»ligini aytishdi. Shu bilan birga, ular «hamma narsa yopiq va maxfiy», na advokatlar, na sudlanuvchilarning o‘zlari ularga hech narsa ayta olmayotganidan shikoyat qilishdi.
Ilgari Belarus davlat ommaviy axborot vositalari tomonidan tarqatilgan «tavba» deb nomlangan videoda kaltaklangan ko‘rinishga ega Denis Dikun ByPol tashabbusi faollarining ko‘rsatmasiga ko‘ra Jyerd-Ostankovichi uchastkasidagi jihozlarga yana ikkita sherigi bilan birga o‘t qo‘yganini, shuningdek, Litvada yashovchi qarindoshi bilan til biriktirib harakat qilganini aytgandi.
Mavzuga oid
14:30 / 05.11.2024
Lukashenko: RF Belarus orqali Polsha, Litva, Latviya va Ukrainaga hujum qilmoqchi emas
19:19 / 23.10.2024
Belarusda prezidentlik saylovi sanasi belgilandi
11:10 / 09.10.2024
Belarusda muxolifatchilarga qarshi yangi yirik ish ochildi
20:39 / 08.10.2024