«Manchester Yunayted»ning afsonaviy g‘alabasi qahramonlaridan biri, «kulib turuvchi jallod» Ole-Gunnar Sulsher Red News portaliga katta intervyu berdi. E'tiboringizga intervyuning e'tiborga molik qismlarini havola qilamiz. 

— Ishlar qalay, Ole?

— Yomon emas. Yangi mavsumga («Myolde» bilan) tayyorlanyapman. Bu yerda hammasi boshqacha. Misol uchun, maydon — sen hech qachon u qanday holatda bo‘lishini bilmaysan. Aytaylik, bugun isitish moslamasi ishdan chiqibdi, ko‘chada havo minus ikki, natijada, mashg‘ulotni ochiq havoda emas, kichik zalda o‘tkazishga majbur bo‘ldik. Bunday holat har qaysi kuni bo‘lishi mumkin.  

— Ishga qaytish — to‘g‘ri qilganingni his qilyapsanmi?

Arxiv foto

— Ha. Kundan-kunga o‘sib borayotgan futbolchilar bilan kuningni o‘tkazish zavqli. Ularning har birida ertaga Angliyada yoki Germaniya chempionatiga o‘tib ketish imkoniyati bor, shuning uchun ularning har bir mashg‘ulotga, vazifaga bor kuchini berayotganini ko‘raman. Masalan, Chempionshipni olaylik, u yerda katta pul oladigan va o‘z joyida qolishni istaydigan, yangi sinovlarni istamaydigan futbolchilar ko‘payib ketgan. Bu yerda unday emas.

— Ser Aleks ko‘p aytardi — sen zaxira o‘rindig‘ida o‘tirib, o‘yinni diqqat bilan tomosha qilar ekansan. Rostmi shu? Maydonda bo‘layotgan voqealarni yaxshi his qila olarmiding?

Arxiv foto

— Menimcha, ha. Avvalambor, bu o‘yinga qay darajada aloqador ekanimni anglay olardim. Balki shu tufaylimi, o‘sha yerda o‘tirganimda, «hammasi jonga tegdi» degan fikrlar ko‘p bo‘lmagan. Men maydonga tushishga tayyor bo‘lardim va bu amalga oshardi. Agar jamoa yutqazayotgan bo‘lsa, Boss mening maydonga tushishim sheriklarimga, muxlislarga, raqibga qanday ta'sir qilishini bilardi. Bu o‘ziga xos, juda ustalik bilan to‘qilgan obraz edi — «u maydonga tushsa, gol uradi» deb o‘ylashardi. Boshqa tarafdan, agar biz 2:0 yoki yirikroq hisobda oldinda borsak, o‘yin oxirida yoki tanaffusdan keyin maydonga tushardim — murabbiy hamma rozi bo‘lishini istardi. Demak, hisobning bizning foydamizga 1:0 bo‘lishi men uchun eng yomoni edi — bunday holatlarda meni tushirishmasdi (kuladi)

— Xo‘sh, sen zaxira o‘rindig‘idan turib aynan nimalarga e'tibor berarding, qaysi taktik jihatlarni qayd qilarding?