O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Suv obektlarini muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori e'lon qilindi. O‘zA saytida ushbu qarorga sharh keltirilgan.

Keyingi vaqtlarda daryolar o‘zanlari, ko‘llar, suvni muhofaza qilish zonalari, kanallar, kollektorlar va boshqa suv obektlarini tozalash, shuningdek, ularning qirg‘oqlarini mustahkamlash (keyingi o‘rinlarda daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash deb yuritiladi) ishlarini o‘tkazish ko‘rinishida amalga oshiriladigan qum-shag‘al materiallarini nazoratsiz qazib olish holatlari ko‘paydi. 

Ushbu faoliyat daryo tublarining yuvilib ketishiga, qirg‘oqlarning o‘pirilishiga sabab bo‘ladi, bu, o‘z navbatida, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishi hamda fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i va mulkiga, shuningdek, atrof tabiiy muhitga zarar yetishi uchun shart-sharoit yaratmoqda. 

Faqat 2017 yilning o‘tgan davrida daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish ishlarini noqonuniy amalga oshirish bo‘yicha 228 ta holat aniqlangan. Ushbu holatlar bo‘yicha prokuratura organlari tomonidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. 

Yuzaga kelgan vaziyatning salbiy oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni ko‘rish, shuningdek, mazkur sohada huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Suv obektlarini muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. 

Mazkur qaror bilan daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish ishlarini noqonuniy amalga oshirishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ro‘yobga chiqarish nazarda tutilgan. 

Bundan tashqari, transport va gidrotexnika infratuzilmasi obektlarining xavfsiz ishlashini ta'minlash sohasida aniq vazifalar belgilandi. 

Xususan, daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlari faqatgina toshqin suvlari va sel oqimlarini o‘tkazib yuborishning imkoniyatsizligi bilan bog‘liq salbiy oqibatlarning oldini olish maqsadida amalga oshiriladi.