Foto: oleer.com

Biz o‘z tajribamizga qimmatbaho aktiv sifatida qarashga o‘rganib qolganmiz. Biroq biz qo‘lga kiritayotgan bilim va ko‘nikmalar ishimizga salbiy ta'sir ko‘rsatishi ham mumkin. Fast Company jurnali hammuassisi Bill Teylor "Ajoyib! Katta kompaniyalar nimasi bilan ajralib turadi?" kitobida nima uchun tajriba novatorlikda xalaqit berishi va qanday qilib yangicha fikrlashni o‘rganish mumkinligi haqida so‘z yuritadi. Harvard Business Review ulardan eng qiziqlarini taqdim etdi. 

Nuqtai nazaringizni o‘zgartirishga qo‘rqmang

Foto: Cossa

Tajriba muhim... toki novatorlik yo‘lida to‘siqqa aylangunga qadar. So‘nggi o‘n yilliklarda biznes va ijtimoiy sohadagi tajribalar bir insoniy xususiyatni ochib berdi: eng katta tajriba, bilim va resurslarga ega odamlar hamda tashkilotlar o‘z sohalarida yangilik yaratish yo‘llarini eng oxirgi bo‘lib ko‘rishadi.

Biroq shuncha aqlli odamlar ishlaydigan va ko‘plab mablag‘larga ega ulkan korxonalar qayerda edi? Nima uchun ABC, CBS yoki boshqa bir mediamagnat 24 soatlik yangiliklar kanalini ishga tushira olmadi va bu ishni axborot biznesidagi yangi odam - Ted Ternerga qoldirdi. Nima uchun jahon miqyosidagi ovoz yozish kompaniyasining hech biri o‘z musiqachilarini endigina paydo bo‘layotgan kabel televideniye platformasiga ko‘chirmadi va MTV yaratish hamda pop-madaniyatni o‘zgartirishni yosh ovoz yozish rejissyori Robert Pittmanga qoldirdi? Nima uchun General Motors uzoq vaqt davomida gibrid avtomobillarni tan olmadi, Microsoft internetning rivojiga anchagacha ishonmadi, Yahoo! kompaniyasi Google va Facebook'ning iqtisodiy salohiyatini ko‘ra bilmadi?

Syujyet takrorlanaveradi va javob o‘z-o‘zidan paydo bo‘ladi: ko‘pincha bizning bilimlarimiz tasavvur chegaramizni cheklab qo‘yadi. Intel innovatsiya strategiyalari bo‘yicha mutaxassis Sintiya Barton Reyb ushbu destruktiv strategik ko‘rlik uchun yaxshi atamani o‘ylab topgan. Ko‘plab kompaniyalar va rahbarlar "tajriba paradoksi"ga dosh bera olishmaydi.

Tushunmovchilik shundaki, bozordagi pozitsiyangiz qancha mustahkam bo‘lsa, uni o‘zgartiruvchi yangi biznes-modellarga ochilishingiz shuncha qiyin bo‘ladi. Avvalgi natijalar bo‘lg‘usi yangiliklarga tahdid sola olmaydi, biroq sizning kelajak haqidagi tasavvurlaringizni chegaralab qo‘yishi mumkin.