Ma’lum qilinişiça, muammo «Sber», VTB, «Alfa-Bank», «Rosselxozbank», «Promsvyazbank», «Uralsib» va «Sankt-Peterburg» banki kabi qator yirik moliya muassasalari saytlariga ta’sir körsatgan.
Google Chrome, Safari, Mozilla Firefox va Microsoft Edge brauzerlari uşbu saytlarga kirişga uringanda «Ulaniş himoyalanmagan» yoki «Sayt xavfsiz emas» degan ogohlantirişni çiqarmoqda. Foydalanuvçi saytga kirişi uçun qöşimça amallarni bajarib, xavfni öz zimmasiga olgan holda davom etişini tasdiqlaşi talab etiladi.
Ayrim banklar, xususan T-Bank sayti esa ayrim brauzerlarda muammosiz işlaşda davom etmoqda. Şu bilan birga, «Sber» sayti ba’zi brauzerlarda oçilsa-da, manzil satrida uning xavfsiz emasligi haqida belgilar saqlanib qolmoqda.
Mutaxassislar fikriça, bu holat xorijiy sertifikatlaş markazlari Rossiya kompaniyalarining TLS/SSL sertifikatlarini bekor qilayotgani bilan boğliq. Uşbu sertifikatlar saytning haqiqiyligini tasdiqlaydi va brauzer bilan server örtasidagi ma’lumotlar şifrlangan holda almaşinişini ta’minlaydi.
Xorijiy sertifikatlar çaqirib olina boşlaganidan keyin köplab Rossiya saytlari mahalliy xavfsizlik sertifikatlariga ötgan. Biroq bu sertifikatlar xalqaro brauzerlar tomonidan tan olinmaydi.
Şu sababli mazkur banklar saytlari Rossiyada işlab çiqilgan «Yandeks Brauzer» orqali odatdagidek oçilmoqda. Çunki uşbu brauzerda Rossiya sertifikatlarini qöllab-quvvatlaş mexanizmi örnatilgan.
Iyun oyida Yaponiyaning GlobalSign sertifikatlaş markazi Rossiya kompaniyalariga tegişli domenlar sertifikatlarini çaqirib olişni boşlagani ma’lum bölgan edi. Öşanda bu çoralar ğarb sanksiyalariga tuşgan taşkilotlarga ta’sir qilişi mumkinligi aytilgan. Iyul oyi oxirida Yevropa Ittifoqining 21-sanksiyalar paketi qabul qilingaç, qator Rossiya banklari ham yangi çeklovlar ostiga tuşdi.
IT sohasi vakillari sertifikatlar bilan boğliq muammo 15–20 minggaça Rossiya domenlariga ta’sir qilişi mumkinligini bildirmoqda. Bu nafaqat veb-saytlar, balki muayyan sertifikatlarga boğlangan mobil ilovalar işida ham uzilişlarga sabab bölişi ehtimoldan xoli emas.
Şu bilan birga, sertifikatlar bilan boğliq vaziyat fonida «Yandeks Brauzer» tarğib qilinmoqda. Biroq IT mutaxassislari uşbu brauzerning texnik xavfsizligiga katta e’tiroz bildirmasalar-da, foydalanuvçilarning şaxsiy ma’lumotlari maxfiyligi masalasi tez-tez muhokama qilinayotganini qayd etmoqda.

















