O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n ikkinchi yalpi majlisi 2017 yil 4 oktabr kuni ertalab soat 10.00 da Toshkent shahrida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining majlislar zalida ochiladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining a'zolari 2017 yil 3 oktabr kuni soat 9.00 dan 18.00 ga qadar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati binosining foyesida ro‘yxatga olinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati xabariga ko‘ra, Senatning yalpi majlisi kun tartibiga mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning samaradorligini tubdan oshirishga, xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturining izchil ijrosiga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasining bir qator qonunlari va masalalar kiritilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 5-6 sentabr kunlari Qirg‘iziston Respublikasiga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning o‘z vaqtida va to‘liq ro‘yobga chiqarilishini ta'minlash bo‘yicha amaliy harakatlar rejasini (“Yo‘l xaritasi”ni) ijro etish maqsadida ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida o‘zbek-qirg‘iz Davlat chegarasi to‘g‘risidagi Shartnomani (Bishkek, 2017 yil 5 sentabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunning qabul qilinishi muhim ekanligi Oliy Majlis yuqori palatasi vakillari tomonidan alohida ta'kidlandi. 

Mazkur huquqiy hujjat Oliy Majlis Qonunchilik palatasida, jumladan, siyosiy partiyalar fraksiyalarida ekspertlar hamda fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari ishtirokida har tomonlama muhokama etilib, joriy yilning 28 sentabr kuni parlamentning quyi palatasi tomonidan qabul qilindi. 

Qonun Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi huzurida tuzilgan ishchi guruh tomonidan ilmiy va ekspertlar doiralari vakillarini jalb qilgan holda dastlabki tarzda o‘rganib chiqildi. 

Qonun ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish, yaqin qo‘shnilar – O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasida do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlash uchun yangi ruh bag‘ishlashi ta'kidlandi.