11:00 / 05.10.2017
42929

Kollej o‘quvchisi bo‘lgan qizning sumkasidan giyohvand modda topildi

Giyohvandlik va u bilan bog‘liq muammolar hech kim uchun sir emas. Lekin afsuski uning barcha oqibatlari, tuzatib bo‘lmas asoratlari haqida qanchalik ko‘p oldindan ma'lumotga ega bo‘lishimizga qaramay, bu illat jamiyatda uchrab turibdi. Uning domiga ayrim voyaga yetmagan yoshlar ham tushib qolayotgani achinarli holat. 

“O‘zbekiston24” telekanalining xabar berishicha, Chilonzor tumanida joylashgan kollejlarning birida tahsil oladigan Anvar tanishi Guliga telegramm ijtimoiy tarmog‘i orqali o‘zaro suhbati davomida o‘zida giyohvandlik moddasi borligini aytib, uni tayyorlash jarayonlarini ham yaxshi bilishini, xohlasa unga ham o‘rgatishini aytadi. Ertasi kuni oq qog‘ozga o‘ralgan kichik hajmdagi ushbu giyohvandlik moddasini Guliga kollej hududiga olib kelib beradi. 

O‘quv maskanida faoliyat olib borayotgan Yoshlar ittifoqi yetakchisi shubhali holat haqida Chilonzor tumani Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi xodimlariga murojat qilib xabar beradi. Aniqlik kiritish maqsadida inspektor kollejga borib, Guli bilan suhbatlashadi. Buyumlari guvohlar ishtirokida tekshirilganda, Guli o‘zi bilan giyohvandlik moddasini olib yurganligi ma'lum bo‘ladi. Ushbu modda tegishli tartibda rasmiylashtirilib olinadi.

Dastlabki surishtiruv ishlarida Guli ushbu moddani Anvardan olganligini aytadi. Anvar ham tergov ishlariga jalb qilinadi. Hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Yana bir holat. Olmazor tumanida joylashgan Shifobaxsh suvlar blok postida xizmat olib borayotgan Yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan Toshkent shahri hududiga kirib kelayotgan Spark avtomobili to‘xtatilib, belgilangan tartibda tekshiriladi. Yo‘lovchi sifatida ketayotgan kollej o‘quvchisining buyumlari tekshirilganda, maxsus idishdagi suyuqlik ularning e'tiborini tortadi. Ushbu suyuqlik guvohlar ishtirokida rasmiylashtirilib olinadi. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ushbu suyuqlik tarkibida kanabis moyi borligi aniqlandi. Hozirda har ikki holat yuzasidan tergov xarakatlari olib borilmoqda.

Top