14:19 / 07.10.2017
20159

Suvdan elektr energiyasini hosil qiluvchi tasma ixtiro qilindi

Foto: Fraunhofer ISC

Bavariyadagi Fraungofer silikat kimyo instituti olimlari gidroenergetika orqali qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarishning yangi usulini topishga muvaffaq bo‘lishdi. Ular kichik daryolarning suv oqimidan elektr energiyasi hosil qilish uchun innovatsion elastomer materiallardan foydalanishdi. Science Daily shu haqida xabar berdi. 

Energiya hosil qilish uchun olimlar ikki tomondan o‘tkazuvchan elastik va izolyatsiya bilan qoplangan o‘ta yupqa elastomer tasmani qo‘llashadi. Ularni kichik daryolar va irmoqlarga o‘rnatishdi, elastomerlarning doimiy deformatsiyasi va relaksatsiyasi suvning kinetik energiyasini bevosita elektr energiyasiga aylantiradi. Suv tasmani deformatsiyalaydi, natijada kuchli elektr zaryadi hosil bo‘ladi. Shundan so‘ng elastomer tasma avvalgi holiga qaytadi va jarayon qaytadan boshlanadi. 

"Tasmani o‘rnatishning asosiy afzalliklaridan biri shuki, uni har qanday chuqurlikdagi suvda qo‘llash mumkin bo‘ladi, - deydi loyiha rahbari Bernxard Brunner. - Bizning elastomer generatorlarimiz kichik daryolarga juda yaxshi to‘g‘ri keladi va 0,5 soniya oqim tezligi hamda 0,5 m chuqurlikda ishlashi mumkin. Shamol va quyoshga bog‘liq bo‘lmagan tizimimiz - mukammal qaror. Birgina shunday o‘rnatma energotizimga umumiy hisobda yiliga 876 MVt/s elektr energiyasini yetkazib bera oladi, bunda ekotizimga hech qanday ziyon yetmaydi".

Elastomer generatorlar to‘g‘onsiz sayoz daryolarda shovqinsiz ishlashga mo‘ljallangan. Ular, masalan, kempinglar yoki bevosita suv yaqinida joylashgan uzoq aholi punktlarida avtonom quvvat manbai sifatida foydalanish uchun ayni muddao. 

Brunner va tadqiqotchilar jamoasi ikki turdagi generatorlarni ishlab chiqmoqda: suzuvchi va daryo qirg‘og‘iga bog‘langan. Hozirda olimlar qurilma hajmlarini kichraytirish ustida ishlamoqda. Loyiha oxiriga borib ular generatorga suv toshqinidan himoya tizimini tadbiq etishni rejalashtirishmoqda. 

Olimlar Vern va Tauber daryolarida sinov o‘tkazish uchun mahalliy hukumat bilan uzviy hamkorlikda ishlamoqda. Ularning maqsadi - qurilmaning bir sikl faoliyatida 100 Vt elektr energiyasini hosil qilish. 

Top