O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizdagi erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. 

Prezident matbuot xizmati bergan xabarga ko‘ra, yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va uning o‘rinbosarlari, Prezidentning davlat maslahatchilari, tegishli vazirlik, idora va xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar rahbarlari ishtirok etdi. 

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash,iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarga xorijiy, avvalo, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish, davlat mulki xususiylashtirilgan obektlar bazasida xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, viloyat, tuman va shaharlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab vazifalar belgilangan. Mamlakatimizda erkin iqtisodiy zonalar, texnoparklar va kichik sanoat zonalari samaradorligini oshirish, yangilarini tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bunda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

Davlatimiz rahbarining 2016 yil 26 oktabrdagi “Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq ushbu zonalar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratildi. 

Bugungi kunda mamlakatimizda 14 ta erkin iqtisodiy zona faoliyat yuritmoqda. «Navoiy», «Angren», «Jizzax», «Urgut», «G‘ijduvon», «Ko‘qon» va «Hazorasp» erkin iqtisodiy zonalarida umumiy qiymati 486 million dollarga teng 62 loyiha amalga oshirilgan, 4,6 mingdan ortiq ish o‘rni yaratilgan. 

Yig‘ilishda bu ko‘rsatkichlar qoniqarli emasligi, uni yanada oshirish uchun tartib-taomillarni soddalashtirish, investor va tadbirkorlarni jalb etishni kengaytirish zarurligi ta'kidlandi. 

Prezidentimiz topshirig‘iga asosan erkin iqtisodiy zonalarda investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish, xorijdan yuqori texnologik uskunalar xarid qilish uchun O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘i hisobidan 100 million dollar miqdorida chet el valyutasidagi kredit liniyasi ochilgan. 

Farmatsevtika sohasiga ixtisoslashgan «Nukus-farm», «Zomin-farm», «Kosonsoy-farm», «Sirdaryo-farm», «Boysun-farm», «Bo‘stonliq-farm», «Parkent-farm» singari 7 yangi erkin iqtisodiy zonani rivojlantirish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda.