A Seriyaning 8-turi bizga bir qancha qiziqarli o‘yinlarni taqdim qildi. Turinda «Yuventus» «Latsio» bilan bellashdi. «Napoli» Rimga, «Roma» maydoniga safar qildi. Milanda «Inter» va «Milan» «Della Madonina» derbisini o‘tkazishdi.

Biroq, ularning orasida eng markaziysi, shubhasiz, Turindagi o‘yin bo‘ldi.

Tur o‘yini. «Yuventus»ning mavsumdagi dastlabki mag‘lubiyati

Italiya chempionatining 8-turi kutilmagan natija bilan boshlandi.

«Yuventus» o‘z maydonida «Latsio»ni qabul qilib, 1:2 hisobida yutqazdi. Bu amaldagi chempionning nafaqat joriy mavsumdagi, balki so‘nggi ikki yilda o‘z maydonida o‘tkazgan o‘yinlardagi ilk mag‘lubiyati bo‘ldi (41 uchrashuvdan iborat seriya yakunlandi).

Avgust oyida o‘tkazilgan bu jamoalarning Italiya Superkubogi o‘yinida ham rimliklarning qo‘li baland kelgan edi. Shu tufayli, «Yuventus» o‘z maydonida g‘alaba qozonib, mag‘lubiyat uchun qisman qasos olishni maqsad qilgandi.

Birinchi bo‘limda turinliklarning tashabbusi sezilarli bo‘ldi. 24-daqiqada Duglas Kosta darvozabon qaytargan to‘pga hammadan burun yetib kelib, uni to‘rga joylashga erishdi. Ikkinchi bo‘limda ham «Yuventus» tashabbusni qo‘ldan boy bermadi, ammo qarshi hujumlarda pand yedi. 47-daqiqada Luis Albertoning uzatmasidan so‘ng, Chiro Immobile Buffon bilan yuzma-yuz chiqib, uni dog‘da qoldirdi. 54-daqiqada shunga o‘xshash vaziyatda, Buffon Immobileni chalib yiqitdi. Jabrlanuvchining o‘zi penaltini aniq amalga oshirib, jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi.

So‘nggi soniyalar esa dramatik tarzda kechdi. Hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda Paulo Dibala hisobni tenglashtirishi mumkin edi. Ammo uning uzoq masofadan yo‘llagan zarbasidan so‘ng, to‘p darvoza ustuniga tegib qaytdi.

Bu hali hammasi emasdi. Eng so‘nggi daqiqada «Latsio» himoyachisi raqib hujumchisini o‘z jarima maydonida chalib yiqitdi. Ammo hakam buni payqamay qoldi. «Yuventus» futbolchilari bosh hakamdan takroriy lavhani tomosha qilishni talab etishdi. U esa penalti yaqqol bo‘lganini ko‘rsatib berdi.

Lekin, Paulo Dibalaga bu o‘yin qahramoni bo‘lish nasib qilmadi. Darvozabon Strakosha uning zarbasini qaytarishga muvaffaq bo‘ldi.

Italiya chempionati, 8-tur

Yuventus – Latsio 1:2 (1:0, 0:2)