Ronaldu va Messi. Ikki o‘zga sayyoralik. Olov va muz. Ular haqida aytilmagan gaplar qolmadi hisob, ularning faoliyatida o‘rganilmagan, hisob-kitob qilinmagan soha yo‘q. Ular o‘rtasidagi asosiy farq haqida gap borganida, avvalo, Messining ko‘proq iqtidor, Ronalduning esa, mehnat mahsuli ekanini aytishadi. Albatta, bu yerda Ronalduni «mehnatkash eshak»ka o‘xshatish noo‘rin, unaqa futbolchilar boshqa. Ronalduda ham yetarlicha iqtidor bo‘lganki, buni ayniqsa, uning ilk mavsumlarini kuzatgan muxlislar yaxshi bilishadi. Muhim nuqta boshqa yerda, Ronaldu xuddi shunday iqtidorli, chiroyli, o‘z muxlislariga ega bo‘lgan driblyor bo‘lib qolishi mumkin edi. Futbolchining mehnat mahsuli ekanini aytishayotganda, shu nazarda tutiladi, ya'ni, Ronaldu o‘z mehnati, qolaversa, murabbiylaring to‘g‘ri ko‘rsatmalari yordamida, yildan-yilga yaxshi tomonga o‘zgara bordi, yangi qirralarini ochdi, takomillashtirdi va oqibatda, dunyoning, shubhasiz, futbol tarixining eng yaxshi, o‘xshashi yo‘q futbolchilardan biriga aylana oldi.

FourFourTwo portali aynan o‘sha o‘zgarish yillariga e'tibor qaratdi:

«Qaranglar, u kimgadir ko‘zini qisdimi?» - 2006 yilning 1 iyulida Yan Rayt VVS studiyasida sochlarini yulmoqda.

«Yo‘q, unaqa emas deb aytinglar menga iltimos», - deb xo‘rsinadi Alan Xansen.

Krishtianu Ronalduning jinoyati? Ueyn Runi, Angliya terma jamoasi futbolchisi, jahon chempionatining chorak finali 62-daqiqasida Rikardo Karvaloning oyog‘ini bosib oladi va keyin, unga hakam tomonidan qizil kartochka ko‘rsatilib, futbolchi uchun eng qadrli bo‘lgan daqiqalarda maydonda futbol o‘ynash baxtidan mosuvo bo‘ladi. Aynan shu paytda Krishtianu zaxira o‘rindig‘iga qarab kimgadir ko‘zini qisayotgan edi. 

«O‘ylaymanki, Runi «Manchester Yunayted»ning mashg‘ulot bazasiga borganida, bu ishni Ronaldu bilan ham takrorlaydi», - deb tishlarini g‘ichirlatgandi Alan Shirer.

Haqiqatan ham, Portugaliya terma jamoasi vingeri o‘sha vaziyatga hakam Goratsio Elizondoning e'tiborini qaratgandi, bu mayli, ammo Ronalduning keyingi ishi, sodda ingliz futbolchilari uchun yanada jirkanchroq tuyuldi - u penaltilar seriyasida to‘pga yaqinlashayotganda, go‘yoki inglizlar ustidan kulayotgandek edi.

The Sun qandaydir noma'lum manbadan Ueyn Runining so‘zlarini topdi - «ro‘paramdan yana chiqsa ikkiga bo‘lib tashlayman» degan ekan u klubdagi sherigi haqida. Jurnalistlar bu voqeani yetarlicha kattalashtirishdi, turli taxminlar, karikaturalar, tahlillar. Go‘yoki, hamma Angliya terma jamoasi mag‘lubiyatini unutgandek edi. Yoki unutmagandek.