Salom, o‘n olti yoshli Aren!

Bugun payshanba va onang maktabga qo‘ng‘iroq qilmoqda. Yana va yana. Boshida biroz xavotir olasan, axir hech qachon, sinfda ekaningda onang seni axtarmagandi. Avvalo, o‘zingni bos, xavotirli hech narsa yo‘q. Hammasi joyida. Buni gaplashganingda bilib olasan, lekin u senga aytadigan gaplarga ishonishing qiyin kechadi. Sen dars tugab, onangga qaytib qo‘ng‘iroq qilganingda, hammasini eshitasan. Hammasi bir onda o‘zgarib ketadi. Juda tez.

Ayni shu pallada, sen hali onang bilan gaplashmasingdan, kel, senga bir gapni aytishga imkon ber: doim futbolni chanqoq bilan o‘yna, doim yanada yaxshiroq bo‘lishga, ko‘prog‘ini uddalashga harakat qil, bo‘ptimi?

«Groningen murabbiyi seni yakshanba kuni asosiy tarkib bilan o‘yinga olib ketmoqchi»

Onangga qaytib qo‘ng‘iroq qilganingda, u senga shu xabarni aytadi. Zo‘r-a? Rostanam ajoyib!

Men nega shu xatni yozishga qaror qildim, bilasanmi? Men so‘nggi paytlarda bu haqida juda ko‘p o‘ylayapman – hammasi qanday boshlangani haqida. 33 yoshga kirgach, faqat bir yillik shartnomalar asosida o‘ynayotgan pallada, hammasi yakunga qarab ketayotganini sezasan. Negadir, oxiri ko‘rinib qolgan paytda eng boshi haqida ko‘proq o‘ylay boshlar ekansan. Futbol shunchaki o‘yin bo‘lmay qolgan ilk yillarga...

«Groningen» sen uchun «PSV» sari yo‘l ochadi, «PSV» esa, seni «Chelsi»ga yo‘llaydi. Yigirma yoshingda Premer Ligada bo‘lasan.

Murabbiying? Uning ismi Joze Mourino. Seni bunga tayyorlashim kerak. Chunki u sendan juda ko‘p narsa kutadi, buni bilib qo‘yishing kerak. U hammadan ko‘p narsa kutadi. Xarakteri shunaqa. Sen darrov Premer liga klubidagi farqlarni sezasan: bu yerda sen kuchliroq, tezroq, qat'iyroq bo‘lishing lozim.

Nihoyat yaxshi o‘ynadim deb hisoblaganing hamono, sen bu ishni yana va yana amalga oshirishing shart. Tarkibda qolish uchun sen har hafta Jozega o‘zingni ko‘rsatishing kerak bo‘ladi. U juda kuchli inson va boshqalardan ham buni talab qiladi. Bilaman, sen yoshligingdan o‘zingga o‘zing ham shu talablarni qo‘yib kelgansan, ammo baxting shundaki, xuddi shunday murabbiyga yo‘lliqaning. Bu juda baxtli tasodif, bilasanmi?

Jarohatlar... Sen bunday boshlashni kutmaganding, bilaman. Mavsumoldi yig‘inlarida singgan suyak bilan uyoqdan buyoqqa yurasan, ikki oy maydonga tusha olmasligingni eshitasan. Ammo bu ham senga o‘zingni ko‘rsatishda imkoniyat bo‘lsin. Sen Jozega, jamoadoshlaringga, «Stemford Brij»ga va avvalo, o‘zingga jarohatlar seni sindira olmasligini ko‘rsatishing kerak. Bu ham bir tajriba.