30 oktabr kuni Boku xalqaro dengiz savdo portida Boku-Tblisi-Qars temir yo‘lining ochilishi munosabati bilan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. 

Marosimda Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev, mamlakat birinchi xonimi Mehribon Aliyeva, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va uning turmush o‘rtog‘i Emine Erdo‘g‘an, Qozog‘iston bosh vaziri Bakitjan Sagintayev, Gruziya bosh vaziri Georgiy Kvirikashvili, O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov hamda Tojikiston va Turkmaniston delegatsiyalari ishtirok etishdi. Ozarboyjon prezidenti matbuot xizmatida shu haqida xabar berildi. 

Marosimni Ozarboyjon Respublikasi prezidenti Ilhom Aliyev ochib berdi. 

Foto: Haydar Aliyev nomidagi Ozarboyjon madaniyat markazi

Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, Boku-Tblisi-Qars (BTK) temir yo‘li - Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi eng ishonchli va qisqa yo‘l. "Dastlabki bosqichda BTK bo‘ylab 5 million, keyingilarida esa 17 million tonna yuk tashiladi. BTK Yevroosiyoni transport xaritasining muhim qismiga aylantiradi. Bu yo‘l turizm, barqarorlik va xavfsizlik rivoji uchun xizmat qiladi, investitsiyalar hajmini kengaytiradi, mamlakatlarimizning geosiyosiy ahamiyatini kuchaytiradi", - dedi Ozarboyjon davlat rahbari o‘z nutqida.

Foto: Haydar Aliyev nomidagi Ozarboyjon madaniyat markazi
Foto: Haydar Aliyev nomidagi Ozarboyjon madaniyat markazi

Boku-Tblisi-Qars strategik ahamiyatga ega tarixiy loyiha hisoblanadi. Mazkur temir yo‘l uzunligi 850 kilometrni tashkil qiladi, shundan 504 kilometri Ozarboyjon hududidan o‘tadi.

Ilhom Aliyev shuningdek Shimol-Janub transport koridori ham katta ahamiyatga ega ekanini va Ozarboyjon bu yo‘nalishda ham muhim qarorlar qabul qilishini ta'kidladi. Ozarboyjon hududida Shimol-Janub loyihasi bilan bog‘liq barcha ishlar yakunlandi, ya'ni butun infratuzilma tayyor. 

"Ozarboyjon mazkur yo‘nalishda temir yo‘l tarmog‘ini yaratdi. Kelgusida Shimol-G‘arb va Janub-G‘arb energotransport loyihalari ekspluatatsiyaga topshiriladi. Boku-Tblisi-Qars temir yo‘lidan O‘zbekiston, Qozog‘iston, Xitoy va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari hamda Yevropa davlatlari foydalanadi. Shimol-Janub transport koridori Hindistondan Rossiyagacha bo‘lgan mamlakatlarni birlashtiradi".