Taqdimotni ochib bergan Milliy kutubxona direktori Alisher Abduazizov Nizomiy Ganjaviy adabiy merosi targ‘ibotining muhimligi, buyuk Sharq mutafakkirining merosi jahon madaniyati va adabiyotini boyitgani haqida so‘z yuritdi. U Ganjaviy asarlarining ilk marta o‘zbek tiliga to‘liq tarjima qilingani va bu yo‘nalishda Ozarboyjon madaniyat markazi faoliyatini yuqori baholadi. Shu o‘rinda O‘zbekistonda Nizomiy Ganjaviy xotirasi abadiy muhrlangani alohida ta'kidlandi - Toshkent davlat pedagogika universiteti buyuk shoir nomini olgan, 2004 yilda esa Ganjaviy byustining ochilishi bo‘lib o‘tgan.

Haydar Aliyev nomidagi Ozarboyjon madaniyat markazi direktori Samir Abbosov o‘z nutqida Ganjaviyning asarlari O‘zbekistonda katta qiziqish uyg‘otinishini qayd etdi. Shuningdek u buyuk shoirning asarlari jahon adabiyoti xazinasidan o‘rin olganini alohida ta'kidladi.

Bundan tashqari, shoir Abdulaziz Mansur, professor Rahmon Farmon, yozuvchi Mahkam Mahmudov, tarixchi Ne'mat Hasan, shoir Nurullo Sultonlar ham tadbirda so‘zga chiqib, Ganjaviy ijodining o‘zbek adabiyotining mashhur namoyondasi Alisher Navoiy ijodiga ta'siriga to‘xtalib o‘tishdi.

Foto: Haydar Aliyev nomidagi Ozarboyjon madaniyat markazi

Tarjima muallifi Olimjon Bo‘riyev kitobning nashrdan chiqishini qo‘llab-quvvatlagan Ozarboyjon tomonga minnatdorchilik bildirdi va Ganjaviy o‘z asarlari bilan mamlakat tarixidagi eng yorqin sahifalarni yaratganini qayd etdi. 

Shundan so‘ng yoshlar orasida Nizomiy asarlari bo‘yicha viktorina bo‘lib o‘tdi va g‘oliblarga sovg‘a tariqasida "Xamsa" kitobi taqdim etildi. 

Tadbir so‘nggida Nizomiy Ganjaviy asarlari haqidagi hujjatli film namoyish etildi.