2017 yilning 8 noyabr kuni Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun «Avtomobil yo‘llari: inson manfaatlari yo‘lidagi islohotlar» mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi, deb xabar beradi qo‘mita matbuot xizmati

Mustaqillik yillarida respublikamizdagi avtomobil yo‘llari tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha olib borilgan islohotlar natijasida umumiy foydalanishdagi xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llarining mavjud keng tarmog‘i iqtisodiyot va aholi talablariga asosan javob berib, respublika ichidagi va xalqaro avtomobillardagi tashish xizmatlarida xavfsiz transport aloqasini ta'minlashga, yo‘llarning jahon transport tizimiga yanada ko‘proq integratsiyalashuviga xizmat qilmoqda.

2017 yilda amalga oshirilgan islohotlar soha rivojida muhim omil bo‘ldi. Alohida ta'kidlash lozimki, 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ham ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida — yo‘l infratuzilmasi qurilishi va rekonstruksiya qilinishini davom ettirish, eng avvalo, mintaqaviy avtomobil yo‘llarini rivojlantirish, xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llarini, aholi punkti ko‘chalarini kapital va joriy ta'mirlash vazifalari belgilab berilgan.

Avtomobil yo‘llari qurilishi hamda ta'miri sifatiga yondashuv tubdan o‘zgardi. Shu maqsadda — zamonaviy transport qatnovini inobatga olgan tarzda, avtomobil yo‘llaridan foydalanuvchilarning manfaatlarini o‘zida aks ettirgan, avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish, ta'mirlash, bu ishlarni moliyalashtirish masalalarini o‘zida qamrab olgan kompleks tizim ishlab chiqildi.

Mamlakatimizning jo‘g‘rofiy joylashuvi — yo‘lovchi va yuklarning tranzit tashishini amalga oshirishda barcha yo‘nalishlar bo‘yicha, jumladan, dengiz portlari tomon eng qisqa harakatlanuvi uchun ham qulay imkoniyat beradi. 2017 yilda tranzit transportlari uchun muhim qon tomir vazifasini o‘tovchi — zamonaviy avtomobil yo‘llarini rivojlantirish, ularni kompleks ravishda qayta qurish va ta'mirlash yo‘lida aniq tizimli vazifalar amalga oshirildi.

Jumladan, yil oxiricha O‘zbek milliy avtomagistrali tarkibidagi 260 km avtomobil yo‘llari zamonaviy talab va standartlarga javob beradigan tarzda rekonstruksiya qilinadi. Shu davrga qadar esa umumiy foydalanuvda bo‘lgan 155,2 km avtomobil yo‘llari kapital ta'mirlandi, xuddi shu tasnifdagi 2.350 km avtomobil yo‘llarining ustki qatlamlarida joriy ta'mir o‘tkazish yo‘li bilan ularning ravonligi va o‘tuvchanligi ta'minlandi.