Qoraqalpog‘istonlik o‘qituvchi joniga qasd qilib, uy tomidan o‘zini tashladi. Undan oldin namoyishkorona tarzda ustiga benzin sepadi. Ushbu tasvir aks etgan lavha tahririyatga kelib tushgach, Kun.uz muxbiri vaziyatni o‘rganish uchun Qoraqalpog‘istonga yo‘l oldi.

Aniqlanishicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Beruniy tumanlararo sudining qaroriga ko‘ra, Batirbay Niyazimbetov To‘rtko‘l tumani «Ullubog‘» aholi yashash punktida joylashgan 135-yer uchastkasini egallab olgani va o‘zboshimchalik bilan bino qurgani tufayli, sud tomonidan uy-joyni majburiy tartibda buzib tashlashga majbur, deb topilgan. 

Joriy yilning 19 sentabr kuni tuman Majburiy ijro byuro xodimlari, hokimlik va tegishli idora mutasaddilari bilan birgalikda Batirbay Niyazimbetovning «o‘zboshimcha qurilishini» buzish uchun manzilga yetib keladi. Sud qaroridan norozi bo‘lgan Batirbay Niyazimbetovning o‘g‘li Axmad esa o‘z joniga qasd qilishga urindi. 

Foto: Kun.uz

Axmadning aytishicha, sud qarorida zikr etilgan uy-joy aslida unga tegishli bo‘lib, pasportida muhrlangan propiska, uy kadastriga oid hujjatlarni taqdim etdi.

«Biz qarindoshimiz Ibragimov Xamidning maslahati bilan «Ullubog‘» aholi yashash punktidan yer olishni o‘ylab qoldik. Aslida, bizning ham shu yerdan kimoshdi savdosida sotib olgan 112-sonli yer-uchastkamiz bo‘lgan. Uning yon tarafidagi yer-uchastkasi egasiz, ya'ni hech kimga xatlanmagan edi. Xamid ana shu joyni mening nomimga rasmiylashtirib berishni va'da qilib, evaziga to‘rt million so‘radi», deydi va ana shu suhbat yozib olingan audioni taqdim qildi.

Uning aytishicha, bu voqea 2016 yil avgustda boshlandi. «Xamidning va'dasi ketidan, hujjatlarni rasmiylashtirish oson kechmasligi, hokimiyatda o‘z tanishlari orqali hal bo‘lishi, biz esa xotirjam uy qurilishini boshlayverishimiz mumkinligi aytilgandi. Biz unga ishondik, chunki Xamid «Ullubog‘»dan kimoshdi savdosida akasining xotini, ya'ni, yangasining nomiga 135-sonli yer-uchastkasini rasmiylashtirib, sotib olgandi», deydi Axmad.

Bu orada qarindoshlarning orasidagi munosabatlar qalin bo‘lib, ishlar xamirdan qil sug‘urganday davom etib turgandi. Imoratni qurish oktabrga qadar yakunlandi. Axmadning aytishicha, 2017 yil yanvar oyida Xamid ularning xonadoniga tashrif buyurib, yer-uchastka hujjatlarini rasmiylashtirish uchun yana pul talab qila boshladi. «Mendan qora bozorda valyuta kursi oshib ketgani tufayli, qo‘shimcha chiqimlarni qoplashimni so‘radi. Vaholanki, men barcha pulni kelishuv paytidayoq qo‘liga tutqazgandim», deydi u.