Oradan 13 oy o‘tib O‘zbekistondagi barcha AYoQShlarda benzin narxi yana qimmatlashdi. 15 noyabr kunigacha AI-80 turidagi benzinning 1 litr bahosi 2800 so‘m etib belgilangan bo‘lsa, ayni paytda shu narx yana 1000 so‘mga oshgan. Mos ravishda boshqa benzin turlari ham o‘z narxidan 35 foizgacha qimmatlashdi.

Holbuki, 14 noyabr kuni «O‘zneftmahsulot» vakili bunday o‘zgarish kutilayotganidan bexabarligi, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaror qabul qilgani haqida qaror yetib kelmagani haqida aytgandi.

Shunga qaramay, bu o‘zgarish yuz berdi. Navbatdagi savol benzin narxi nega qimmatlashganiga oid bo‘lishi tabiiy.

2016 yilning 16 oktabr kuni «O‘zneftmahsulot» axborot xizmati aholi orasida «bolalagan» mish-mishlar asossiz ekani, tez orada joylarda benzin tanqisligi muammosini bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar amaliyotga joriy etilishini ta'kidlagandi. Oradan bir hafta o‘tar-o‘tmas, «O‘zbekneftgaz» butun respublika bo‘ylab, benzin uchun yagona xarid qilish narxi o‘rnatilganini ma'lum qildi. Shu paytgacha AYoQShlarda mustaqil narx belgilash siyosati qaysidir ma'noda mavjud bo‘lib, undan keyin AI-80 turining 1 litri uchun 2800 so‘m qat'iy etib belgilandi.

E'tiborli jihati shundan iboratki, oradan 13 oy o‘tib, iste'moldagi benzin narxi yana oshirilishiga ikkita omil sabab bo‘lgan.

«Valyuta liberallashuvi oqibatida AQSh dollarining o‘zbek so‘miga nisbatan qiymati ikki barobar oshdi. Tabiiyki, respublikaga import qilinayotgan neft xom ashyo mahsuloti, xususan uglevodorodning qiymati ham qimmatlashgan», deydi Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan «O‘zneftmahsulot» vakili.

Uning aytishicha, valyuta liberallashuvi jarayonida shunday o‘zgarishni kutish tabiiy bo‘lgan. Ikkinchi omil sifatida - viloyatlar va poytaxtda benzin yetkazib berishda kuzatilgan keskin farq, xufyona yoqilg‘i bozorining yashab qolaverishida, deyish mumkin. Lekin, mantiqiy savollar paydo bo‘ladi: O‘zbekiston neft ishlab chiqaruvchi davlatlardan biriku? Nega neft mahsulotlarini import qilamiz? Nega o‘zimizda yetishmovchilik bor?

Jahonda neft eksportyorlar orasida Saudiya Arabistoni yillik 585 million tonna neft ishlab chiqarish ko‘rsatkichi bilan yetakchilik qiladi. Rossiya esa har yili 554 million tonna, AQSh 543 million tonna neft ishlab chiqaradi. Albatta, bu ro‘yxat peshqadami ortidan qayd etilgan davlatlar transmilliy kompaniya xizmati evaziga o‘z ko‘rsatkichini yaxshilab bormoqda. Shu ro‘yxat bo‘yicha O‘zbekiston 2016 yili neft eksport qiluvchi davlatlar ichida 47-o‘rinni egallagan. Agar raqamlarga qaralsa, O‘zbekistonda har yili o‘rtacha 2,6 million tonna neft ishlab chiqarilayotgani ma'lum bo‘ladi.