Jahon | 09:13 / 28.11.2017
15072
4 daqiqa o‘qiladi

«Afg‘oniston AQShning global maqsadlarini amalga oshiradigan joy emas»

Afg‘oniston o‘ziga majburlab kiritilgan “birodarlar urushi va qon to‘kilishidan” charchadi. Bu haqda Afg‘oniston sobiq prezidenti Hamid Karzay Sputnik’ga bergan intervyusida ma'lum qildi

Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, afg‘on inqirozidan chiqish "urushni keskinlashtirishga emas, balki Afg‘onistonda tinchlik, xavfsizlik hamda barqarorlikni o‘rnatishga yordam beruvchi yo‘l", "milliy totuvlik yo‘li" bo‘lishi kerak, sababi xalq o‘z davlatini tinch va farovon sifatida ko‘radi.

Biroq, sobiq prezident fikriga ko‘ra, “afg‘on jamiyatida keskinlikni oshirishga” harakat qilayotgan kuchlar bor. "Kimga bu kerak? Kim buning ortida turibdi?… Afg‘onistonliklarning o‘zimi yoki Afg‘onistondan ketishni istamayotgan xorijiy kuchlarmi? Men shuni bilamanki, bu afg‘onlar emas. Men afg‘on xalqi tinchlik va totuvlikni xohlashini ham bilaman", - deya ma'lum qildi Karzay.

Afg‘oniston sobiq prezidentining ta'kidlashicha, Kobul Afg‘onistonda harbiy amaliyotlar davom etishiga qat'iy qarshi, sababi bunday harakatlar tinch aholiga xavf solmoqda hamda yangi qurbonlarga olib keladi.

Karzayning qayd etishicha, "xorijiy kuchlarning borligi xavfsizlikni ta'minlovchi omil emas". Sobiq prezident so‘zlariga ko‘ra, Kobul Afg‘onistonga amerikaliklar va ularning ittifoqchilari 2001 yilda kelganida, tinch hayot boshlanishiga haqiqatdan umid qilgan. Biroq qo‘shinlarni kiritish salbiy oqibatlarga olib keldi. "Terrorizm nafaqat yo‘q qilinmadi, balki yanada keng ko‘lamga ega bo‘ldi, bu yangi vayronalar hamda insonlarning halok bo‘lishiga sabab bo‘ldi", - degan u.

Karzayning ishonch bildirishicha, AQSh Afg‘onistonga o‘z qo‘shinlarini bu davlat xalqiga yordam berish uchun emas, balki "o‘z xavfsizligini ta'minlash maqsadida" kiritgan. "Agarda AQSh Afg‘onistondan o‘zining global maqsadlariga erishish maqsadida foydalanmoqchi bo‘lsa, unda boshqa vositalarni izlab ko‘rsin!" – deya ta'kidlab o‘tdi u.

Afg‘oniston sobiq rahbari “Tolibon” va IShID o‘rtasidagi farqni ham ta'kidlab o‘tdi. Siyosatchining ma'lum qilishicha, IShID – xalqaro terrorchilik tashkiloti, “Tolibon” esa – afg‘onlar. Uning fikriga ko‘ra, “Tolibon” bilan sulhga erishish yo‘lini topish kerak, IShIDni esa afg‘onlar mamlakat hududidan haydab chiqarishi lozim.

Siyosatchining intervyuda ta'kidlashicha, Rossiya Afg‘onistondagi tinch jarayonga ko‘mak ko‘rsatishi hamda mamlakatning barqaror rivojlanishida muhim omilga aylanishi mumkin.

"Biz uchun Rossiya bilan munosabatlar hayotiy muhim ahamiyatga ega, hamda Afg‘onistonda hukumat qanday bo‘lmasin, u bu munosabatlarni saqlab qolishi, rivojlantirish va mustahkamlashi kerak", - deya ta'kidlab o‘tdi u.

Afg‘oniston sobiq rahbari harbiy mojaroga yechim topish yo‘llari haqidagi savolga javob berar ekan, mamlakat “mintaqaviy raqobat emas, balki hamkorlik obekti” bo‘lishi kerakligini ta'kidlab o‘tdi. Respublika hukumati shuni yaxshi tushunmoqdaki, siyosiy inqirozdan chiqish – afg‘on xalqining "o‘z yo‘lidir". 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid