Jahon | 09:26 / 28.11.2017
4777
3 daqiqa o‘qiladi

Yaponiya “Bir makon – bir yo‘l” tashabbusiga moliyaviy ko‘mak beradi

Foto: AFP

Yaponiya hukumati XXRning “Bir makon – bir yo‘l” tashabbusini iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash rejasini ko‘rib chiqmoqda, uning doirasida asosiy e'tibor infratuzilmaga yo‘naltiriladigan investitsiyalarga qaratiladi. Bu haqda Yomiuri gazetasi xabar qilmoqda.

Xususan, gap yaponiyalik va xitoylik kompaniyalarning Osiyoning Yevropa va Afrika bilan bog‘lovchi asosiy savdo yo‘nalishlari o‘tadigan mamlakatlarida muqobil energetikani rivojlantirish maqsadida hamkorlik qilishi haqida ketmoqda. Bundan tashqari, ular Tailand va boshqa mamlakatlardagi qo‘shma korxonalarda ishlab chiqarishni oshirish, eski temir yo‘l liniyalarni rekonstruksiya qilish hamda yangilarini qurish bilan shug‘ullanishi kerak. Bu logistikani yaxshilash va yuklar harakatini tezlashtirish uchun lozim bo‘ladi.

Yaponiyaning “Bir makon – bir yo‘l” tashabbusini rivojlantirishdagi ishtiroki konsepsiyasi Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe va XXR raisi Si Tszinpin tomonidan joriy yilning iyul hamda noyabr oylarida Germaniya va Vetnamdagi sammitlarda muhokama qilindi. Yapon tomoni Xitoy bilan iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish hisobidan KXDR muammosini hal qilish yo‘lini topishga umid qilmoqda, sababi Pekin Pxenyanga bosim o‘tkazish dastaklariga ega, deya ta'kidlaydi nashr.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida Xitoy poytaxti Pekinda “Bir makon – bir yo‘l” strategiyasi doirasidagi oliy darajadagi forum bo‘lib o‘tdi. Tahlilchilarning fikricha, O‘zbekiston Xitoy iqtisodiy kooperatsiyasi amalga oshirilishidan maksimum foyda olishi uchun jiddiy imkoniyatlarga ega. Pekinda bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi forumda O‘zbekiston Xitoy g‘oyasini amaliy ro‘yobga chiqarishga qaratilgan bir qator aniq takliflarni ilgari surdi. Shu jumladan, prezident Shavkat Mirziyoyev "Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston" temir yo‘li qurilishini tezroq boshlash ahamiyatiga urg‘u bergandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid