O‘zbekiston Musulmonlari idorasi 15 noyabrda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida muhokama qilingan masalalar yuzasidan munosabat bildirdi. U Idoraning rasmiy saytiga joylashtirilgan.
Axborot oqimi mayin shabadadek esib turgan pallalarda mana bunday muloyim xabarlar eshitardik va ko‘nglimiz chog‘ bo‘lib, ularning ta'sirida bir necha kun to‘lqinlanib, ezgu ishlarga chog‘lanib yurar edik: bu ayol necha yil xasta yotgan qaynonasining xizmatini qilib, uning duosini olgan. Shuning uchun ham tuproq ushlasa oltin bo‘lyapti; falonchi bobo o‘g‘lining buyragi kasalligini eshitib, unga o‘zining bitta buyragini bergan.
Allohning marhamatini qarangki, ota-bola soppa-sog‘, bir-biriga qo‘ldosh bo‘lib yashab yuribdi; anavi kelinchakka tug‘ruqxonada do‘xtirlar yo sizni, yo bolani saqlab qola olamiz deyishganda, bolani saqlab qoling, deya o‘zining jonidan kechib do‘xtirlarga yolvorgan ekan. Hali o‘zi ko‘rmagan chaqalog‘i uchun hech ikkilanmay yosh jonidan kechgan kelinchakka do‘xtirlar ham qoyil qolibdi. Ana bolasi ham soppa-sog‘, o‘zi ham salomat – Allohning oldida ham, bandaning oldida ham yuzi yorug‘.
Axborot oqimi dovulga aylangach, bir-biridan qo‘rqinchli xabarlar eshitib, nima balo Yer o‘z o‘qidan chiqib ketdimi yoki bular oxirgi zamon alomatlarimikan, deya xavotirga tusha boshladik: Farg‘onada kelin qaynonasini urib o‘ldirib qo‘ydi, Surxondaryoda ota o‘g‘lini pichoqlab o‘ldirdi, Toshkentda Singapur instituti talabasi bolasini hojatxonaga tashlab ketdi.
Prezident Farg‘onada o‘z qaynonasini urib o‘ldirgan qotil kelin haqida gapirdi
Bunday noxushliklar qayerda, qaysi millat orasida bo‘lyapti? Qotillik nima, vahshiylik nima bilmagan, faqat va faqat yaxshilikni, ezgulikni sog‘inib kelgan, ko‘tarilgan qo‘llari birovning qulog‘idan cho‘zib qo‘yishga emas, xayrli duolar uchun ochilgan, bandaga ozor yetkazmoq nimaligini tushida ham ko‘rmagan O‘zbekistonda, o‘zbek xalqi orasida yuz beryapti.
Xalqimizda shu vaqtga qadar biror kelin bexosdan qaynonasiga balandroq ovozda gapirib qo‘ysa, u odobsiz kelin sifatida muhokama qilinar va o‘zi qilgan ishidan uyalib qolganidan xiyla vaqt ko‘cha-ko‘yga ham chiqolmay, elga aralasha olmay qolar edi.








