O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 noyabr kuni «Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoniga imzo chekdi.
Hujjatga berilgan rasmiy sharhda qayd etilishicha, 2017−2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining ijrosi yuzasidan sud hokimiyatining chinakam mustaqilligi va erkinligini ta'minlash, odil sudlovning sifati va shaffofligini oshirish, «Xabeas korpus» institutini qo‘llashni kengaytirishni nazarda tutuvchi 50dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilindi.
Sudlar tomonidan jinoyat ishlarini qo‘shimcha tergovga qaytarish tartibining bekor qilingani sud va tergov organlarining haqiqatni va ishni to‘g‘ri hal qilish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa holatlarni aniqlash, shuningdek, qonuniy, asosli va adolatli qaror qabul qilish borasidagi mas'uliyatini oshirish imkonini berdi.
Natijada faqatgina 2017 yilning 10 oyi davomida sudlar tomonidan 191 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi, vaholanki oxirgi besh yilda atigi 7 nafar shaxs oqlangan. Bundan tashqari, joriy yilda dastlabki tergov organlari tomonidan reabilitatsiya va boshqa asoslar bo‘yicha 3 511 ta jinoyat ishi tugatilgan.
Shu bilan birga, huquqni qo‘llash amaliyotining tahlili, aholi bilan ochiq muloqot natijalarini umumlashtirish qonunchilikda jinoyat ishlarini tergov qilish va ko‘rib chiqish jarayonida dalillarni to‘plash, mustahkamlash, tekshirish va baholashda qonuniylik va xolislikni ta'minlashga to‘sqinlik qiluvchi huquqiy bo‘shliqlarning mavjudligidan dalolat bermoqda.
Ushbu holatlar fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarning samaradorligiga salbiy ta'sir ko‘rsatib, aholining asosli e'tiroziga, uning huquqni muhofaza qiluvchi organlarga va sudning xolisligiga ishonchi pasayishiga olib kelmoqda.
Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan asosiy maqsadi sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklariga rioya etilishi, jinoyat-protsessual va jinoyat-ijroiya qonunchiligini yanada takomillashtirish, qonun ustuvorligi, fuqarolarning qonun oldida tengligi, insonparvarlik, adolatlilik va aybsizlik prezumptsiyasi kabi konstitutsiyaviy prinsiplarning amaliy ro‘yobga chiqarilishini ta'minlashdan iborat bo‘lgan «Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmon qabul qilindi.














