Jahon | 08:20 / 06.12.2017
10618
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp al-Qudsni Isroil poytaxti sifatida tan olishga qaror qildi

Foto: RIA Novosti

AQSh prezidenti Donald Tramp al-Qudsni Isroil poytaxti sifatida tan olganini chorshanba kuni rasman ma'lum qiladi, deya xabar bergan Oq uyning yuqori lavozimli vakili.

"Prezident 6 dekabr kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari al-Qudsni Isroil poytaxti sifatida tan olishi haqida ma'lum qiladi", - deya xabar bergan ma'muriyat vakili maxsus brifingda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, "bu ham tarixiy haqiqatni, ham hozirgi reallikni tan olish sanaladi", shuningdek, tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha muzokara jarayonining qandaydir jihatlari va chegara masalasiga aloqador emas. Oq uydan ta'kidlashlaricha, Tramp o‘z qarorini Yaqin Sharq davlatlari rahbarlari bilan muhokama qildi, shuningdek, Falastin-Isroil mojarosiga yechim topish jarayoni bilan shug‘ullanuvchi xorijiy yetakchilarning qo‘llab-quvvatlovini olgan.

Oq uydan qayd etishlaricha, al-Quds bo‘yicha qaror AQShning Isroil chegaralari bo‘yicha siyosatini o‘zgartirmaydi. "Prezident Al-Aqso masalasida mavjud vaziyat saqlanib qolishi haqida yana bir bor ma'lum qiladi", - deya aytib o‘tgan Amerika ma'muriyati vakili. Uning qo‘shimcha qilishicha, Tramp Falastin-Isroil mojarosiga yechim topish mumkin, deb hisoblaydi.

Bundan tashqari, uning xabar berishicha, Tramp chorshanba kuni AQShning Isroildagi elchixonasi Tel-Avivdan al-Qudsga ko‘chishi haqida e'lon qiladi. Kutilishicha, Tramp tegishli bayonotni chorshanba kuni Toshkent vaqti bilan soat 23.00da beradi.

Qo‘shma Shtatlar yetakchisining al-Qudsni Isroil poytaxti sifatida tan olish va u yerga elchixonani ko‘chirish rejalari haqida seshanba kuni ma'lum bo‘ldi. Isroilda Trampning al-Quds bo‘yicha qarorini adolatli va tarixiy to‘g‘ri qadam, deb atashdi. Shu bilan birga, bu vaziyat ko‘plab arab davlatlarining yetakchilari tomonidan keskin tanqid qilindi, Yevroittifoq esa Yaqin Sharq muammosini hal qilishdagi sa'y-harakatlarga ehtimoliy zarar yetkazilishi haqida ham ogohlantirdi.

Isroil al-Qudsni, jumladan, Iordaniyadan yarim asr avval egallab olingan uning sharqiy tumanlari va tarixiy markazini o‘zining “yagona va ajralmas” poytaxti sifatida e'lon qildi. Jahon hamjamiyati bosib olish holatini tan olmaydi va shahar maqomini Yaqin Sharqdagi mojaroning eng asosiy muammolaridan biri sifatida ko‘radi. Shu sababdan barcha xorijiy elchixonalar Tel-Avivda joylashgan.

AQSh Kongressi esa uzoq 1995 yilda Isroildagi elchixonani Tel-Avivdan al-Qudsga ko‘chirish haqidagi qonunni qabul qilgan. Biroq shaharning bahsli maqomi va bu holatning arab-musulmon dunyosi bilan munosabatlardagi o‘ta nozikligi inobat olinib barcha amerikalik prezidentlar, jumladan Tramp ham, har yarim yilda bu qarorning bajarilishini ortga surib kelgan.

Mavzuga oid