Jamiyat | 09:26 / 09.12.2017
23897
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi madrasa bitiruvchisi Qozog‘iston Oliy muftiysiga aylandi

Foto: Muslim.kz

Olmaota shahrida Qozog‘iston Musulmonlari idorasining VIII qurultoyi bo‘lib o‘tdi, uning yakunlariga ko‘ra boshqarmaning sobiq noib-muftiysi Serikboy-hoji Oraz Oliy muftiyga aylandi.

Serikboy Orazdan avval Oliy muftiy lavozimini egallagan 45 yoshli Yerjan Malgajuli Mayamerov, xabarlarga ko‘ra, «o‘z xohishi bilan» iste'foga chiqqan. U Olmaotadagi «Nur-Muborak» universitetiga ishga o‘tib, ushbu o‘quv muassasasiga rahbar bo‘ldi. Yerjan Mayamerov  2013 yil fevral oyida Qozog‘iston Musulmonlari idorasining raisi etib tayinlangandi.

Mayamerov kecha Oraz nomzodini yig‘ilish ishtirokchilariga tanishtirgan. Tashkilotchilarning ta'kidlashicha, yig‘ilishda taxminan 300 delegat qatnashdi, ular Orazning nomzodini, xabarlarga ko‘ra, «bir ovozdan» ma'qullashgan. Uning o‘rinbosarlari ham tayinlandi.

42 yoshli Serikboy Oraz 1992 yilda Toshkentdagi madrasani tamomlagan. 1992 yildan 1994 yilga qadar Misrdagi «Al-Azhor» universitetida o‘qigan. 1995-1996 yillarda Islomobod universitetida ta'lim olgan. 2014 yilda «Nur-Muborak» universitetini tamomladi. Turli yillarda u Olmaota masjidida noib-imom, Ostonaning vakolatli imomi, Qozog‘iston Musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Mavzuga oid