2017 yilning 13 dekabr kuni soat taxminan 14:30larda, I.A. va M.J. o‘zganing mulkini ochiqdan-ochiq ravishda talon-toroj qilish maqsadida, Chilonzor tumani hududida joylashgan dorixonaga kirganlar. Shundan so‘ng, sotuvchi U.B.ning chalg‘ib turganligidan foydalanib, jami bahosi 1.415.000 so‘m bo‘lgan dori vositalarini ochiqdan-ochiq egallab olib, jinoyat sodir etilgan joydan yashiringanlar. Bu haqda poytaxt IIBB xabar bermoqda.

Toshkent shahar IIBB PPX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan “Tozalash-Antiterror” tadbiri davomida, jinoyatchilar aniqlanib, ushlanganlar.

Mazkur holat yuzasidan, Chilonzor tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 166-moddasi 2-qismi «v» bandi (talonchilik, ya'ni bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, o‘zganing mulkini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilish) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilib, ularning boshqa jinoyatlarga aloqadorliklari tekshirilmoqda.