Jahon | 17:00 / 20.12.2017
12820
2 daqiqa o‘qiladi

Vladimir Jirinovskiy yana prezidentlik saylovida qatnashadi

Foto: Gleb SHCHelkunov / Kommersant'

LDPR (Rossiya liberal-demokratik partiyasi) 31-s'yezdida Vladimir Jirinovskiy nomzodi Rossiya prezidentligi uchun saylovga ilgari surildi. TASS xabariga ko‘ra, uning nomzodi bir ovozdan ma'qullangan.

Shu tariqa, Vladimir Jirinovskiy oltinchi marta Rossiya prezidentligi uchun saylovda ishtirok etadi. U bungacha 1991, 1996, 2000, 2008 va 2012 yilgi saylovlarda ham nomzod bo‘lgan.

Partiyadagilar ikkinchi turga o‘tishni maqsad qilishgan.

18 dekabr kuni Rossiyada prezidentlik kampaniyasiga rasman start berildi. 

Partiyalardan nomzodlar va mustaqil da'vogarlar qurultoylar yoki tashabbus guruhlari yig‘ilishlarida ilgari surish jarayonini boshlashlari hamda MSKga kerakli hujjatlarni topshirishlari mumkin.

Hujjatlar 27 dekabr kunidan 31 yanvar kuniga qadar qabul qilinadi. Barcha 67 partiya vakillari prezidentlik saylovida ishtirok etish huquqiga ega hisoblanadi.

Markaziy saylov komissiyasi 18 mart kuniga belgilangan ovoz berish jarayonini tashkil etish uchun byudjyetdan pul olishni boshladi. Bu maqsadlarga 14,807 milliard rubl sarflash rejalashtirilmoqda.

Prezidentlik lavozimi uchun o‘z nomzodini qo‘yish rejasiga ega ekani haqida shu vaqtgacha 23 kishi, jumladan, amaldagi davlat rahbari Vladimir Putin ham ma'lum qilgandi. U saylovlarda mustaqil nomzod sifatida ishtirok etadi. Bundan tashqari, teleboshlovchi Kseniya Sobchak, jurnalist Yekaterina Gordon, «Yabloko» yetakchisi Grigoriy Yavlinskiy o‘z nomzodini qo‘yishni mo‘ljallagan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid