Özbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ön uçinçi yalpi majlisida “Özbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasi töğrisida”gi Özbekiston Respublikasining qonuni senatorlar tomonidan ma'qullandi. Bu haqda ÖzA xabar berdi.
Harbiy sohada milliy xavfsizlikka tahdidlar kölami özgarişiga, harbiy-siyosiy vaziyat şart-şaroitlariga hamda hozirgi harbiy nizolar xususiyatiga, mamlakat harbiy tuzilmasini rivojlantiriş vazifalari va yönalişlariga qarab Mudofaa doktrinasining ayrim qoidalariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda aniqlik kiritilişi va töldirilişi mumkin. Bunda harbiy xavfsizlikni ta'minlaş sohasidagi davlat faoliyatining ustuvor yönalişlari Özbekiston Respublikasi prezidenti – Qurolli Kuçlar Oliy Boş Qömondoni tomonidan aniqlaştiriladi.
Mudofaa doktrinasi oçiq xususiyatga ega, bu esa şunga öxşaş kontseptual hujjatlar qabul qiliş borasidagi çet el tajribasiga mos keladi. Hujjat Özbekiston taşqi siyosatining oçiqligi, yaqin qöşnilar bilan amaliy munosabatlarni rivojlantiriş ustunligini mustahkamlaydi va rivojlantiradi, şuningdek, mamlakatimiz mudofaa siyosatining şaffofligini ta'minlaydi, xavfsizlik va mudofaa sohasida boşqa çet davlatlar bilan samarali harbiy-siyosiy munosabatlar va hamkorlik qiliş uçun taşkiliy-huquqiy şaroitlar yaratadi.












