E'tibor berayapsizmi, qish qishga o‘xshamaydi, vaqtdan baraka ko‘tarilgan – ko‘z ochib yumgancha oylar o‘tib ketmoqda, qalblar qattiqlashib bormoqda, xullas, insoniyat o‘z yo‘lidan adashib ketdi. Nega? Chunki inson o‘z yuziga yopilgan muqaddas pardani yirtmoqda, o‘sha buyuk, o‘sha aziz, o‘sha ulug‘ parda – hayoning, iffatning rasvosini chiqarmoqda, uni ko‘mishga, ko‘mganda ham qaytib eslanmaydigan holda yo‘q qilishga intilmoqda.

Ko‘pchilik «o‘zbekchilik» degan atamani ko‘proq salbiy ma'noda talqin etadi. Ammo yaxshiyam-ki, ana shu «o‘zbekchilik» degan narsa bor ekan. Shu tushuncha bo‘la turib, bugungi holatimiz, ma'naviyatimiz, axloqimiz haminqadar bo‘lib bormoqda, biz uchun uyatli va chidab bo‘lmas holatlar tabiiylik tusini olmoqda.

Tabiiylashtirish

Yaqinda «O‘zbekiston» telekanalining «Uchburchak» ko‘rsatuvida bir kelinchak chiqib, qaynotasining unga gap otgani, shilqimlik qilganini gapirib berdi. E'tibor bering, ipidan ignasigacha, har bir detaligacha hikoya qildi. Savol: bunga qanday qilib yuzi chidadi ekan? Bu holatga qaynota, er va boshqa qarindoshlar munosabat bildirishdi. Savol: ularning yuzi qanday chidadi? Bu voqeaga mutaxassislar, ko‘rsatuv ishtirokchilari izoh berishdi. Savol: Umuman bu narsalarga o‘zbeklarning yuzi qanday chidamoqda?

Taniqli adibimiz O‘tkir Hoshimovning «Ikki eshik orasi» asari qahramoni Robiya o‘z tog‘asining xotini rais bilan don olishib yurganini o‘z ko‘zi bilan ko‘radi, ammo bu haqda hech kimga hech narsa demaydi. Yangasidan nafratlanadi, ammo beti chidamay, bu haqda lom-mim demaydi. Yozuvchi qahramoni orqali bu voqeani oshkor etishi, el-yurt oldida bundaylarni sharmanda qilishi mumkin edi-ku? Ammo o‘zbekning xarakteridan kelib chiqib, andishaga borib, bu haqda so‘z yuritmaydi, qahramonini haqiqiy o‘zbek obrazida qiyoslaydi.

Kelinning aytayotganlariga diqqat bilan e'tibor qarating, faqat diqqat bilan: «Erim qaynotam bilan gaplashib oldi. Dada, boshqa birov bilan bo‘lsa mayli derdim, kelib-kelib mani xotinimga osilasizmi?». Boshqa birov bilan bo‘lsa mayli... Demak, zinoga mayli, demak fahshga mayli... 64 yoshli nuroniy inson zinokorlik qilsa mayli, faqat kelini bilan emas, shundaymi?

Bir vaqtlar Nodir Jonuzoq tomonidan «Gap chiqdi» degan ko‘rsatuv bo‘lardi. Parda ortidan turib, oilalar muammosi hal etilardi. Lekin ochiq-oydin chiqib, butun millat oldida gapirishlar bizga begona edi. 

Ertaga bir qiz chiqib, tog‘asi yoki amakisi va yoki akasining shahvoniy qarashlari haqida gapirsa, yana biri chiqib boshqa qarindoshini hikoya qilsa, alaloqibat bu narsalar biz uchun tabiiylikka aylanmaydimi?