2017 yil har tomonlama qiziqarli va kutilmagan voqealarga boy bo‘lishidan tashqari, ko‘plab kadrlar almashinuvisiz o‘tmadi. Kun.uz tasnifida O‘zbekistondagi eng muhim lavozimiy o‘zgarishlar havola etiladi.

Ichki ishlar, Mudofaa va boshqa sohalardagi «siljish»

3 yanvar kuni Kun.uz ishonchli manbalariga tayangan holda O‘zbekiston Respublikasi (sobiq) Ichki ishlar vaziri Ahmadjon Ahmedboyev lavozimidan ozod etilgani haqida xabar berdi. Uning o‘rniga Jizzax viloyati IIB boshlig‘i sifatida faoliyat ko‘rsatib kelgan Azizov Abdusalom Abdumavlonovich O‘zbekiston Respublikasi IIV rahbarligiga tayinlangandi. 4 sentabr kuni esa Abdusalom Azizov O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri etib tayinlanishi munosabati bilan egallab turgan lavozimidan ozod etildi. 

Foto: Po‘lat Bobojonov

Shunday qilib, Xorazm viloyati hokimi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelgan Po‘lat Bobojonov Ichki ishlar vaziri etib tayinlandi. Mudofaa sobiq vaziri Qobul Berdiyev Qurolli Kuchlar Akademiyasi boshlig‘i etib tayinlangan. Dastlabki oshkor bo‘lgan ma'lumotlarda Ahmadjon Ahmedboyev shu yilning yanvarida lavozimidan ozod etilib, prezident maslahatchisi lavozimiga o‘tkazilgandi. Ammo Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi a'zolariga Murojaatnomasi vaqtida sobiq Ichki ishlar vaziri Ahmadjon Ahmedboyevni xiyonatda aybladi. 

«Ahmedboyevning hamma generallari qayerda yurganini bilamizmi? Uni xiyonat qilgani uchun olib tashladim», dedi prezident.

Bundan tashqari, Oliy sud tizimida ham birmuncha «harakatlar» paydo bo‘ldi, ya'ni Xolmo‘min Buvraboyevich Yodgorov muddatsiz davrga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari – fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati raisi lavozimiga saylandi. Shuningdek, Bahodir Akbaraliyevich Dehqonov besh yil muddatga, Baxtiyor Tursinmatovich Isakov ham o‘n yil muddatga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari lavozimiga saylandi. Dekabr oyiga kelib 8 nafar sudyaning nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi lavozimiga saylanishi ma'lum bo‘ldi.

Moliya-iqtisod tizimida  

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan Jamshid Abduhakimovich Xo‘jayev Tashqi savdo sobiq vaziri Elyor G‘aniyev o‘rnini egalladi. G‘aniyev esa prezident devoniga sektor boshlig‘i sifatida o‘tkazilgan. Bundan tashqari, 2011 yildan buyon Iqtisodiyot vaziri sifatida ishlab kelgan Galina Saidova o‘rnini Moliya sobiq vaziri Botir Xo‘jayev egalladi.