Bir zum vaqt o‘tishi bilan 2017 yil ham, go‘yoki ko‘z ochib yumguncha o‘tib ketmoqda, tarix zarvaraqlariga kirmoqda. Biroq tarixan qisqa davrda, bir yil uchun juda ko‘pdek tuyulgan olamshumul voqea-hodisalar ro‘y berdi. Kun.uz tahririyati o‘z nuqtai nazari bo‘yicha eng muhim bo‘lgan voqea-hodisalarni yodga olishga qaror qildi.

2017 yilning ilk daqiqalaridan boshlab, o‘zbekistonliklar o‘zgacha davr boshlanganini his eta boshladi. Negaki, zamonaviy davlatchilikda birinchi marta O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev xalqini telemurojaat orqali shaxsan tabrikladi. Shuningdek, 14 yanvar kuni tashkillashtirilgan videoselektor yig‘ilishida o‘sha vaqtdagi sobiq bosh vazir o‘rinbosari Rustam Azimov qattiq tanqid ostiga olindi.

Xuddi shunday bo‘ldi: oradan 11 oy muddat o‘tib, Shavkat Mirziyoyev Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov faoliyatiga baho berdi. Unga moliya tizimini «tozalash»ga ko‘rsatma berildi.

Shuningdek, prezident Surxondaryo viloyatiga safari davomida Angor tumanidagi Zang gilambob qishlog‘ida Shodi bobo Xushboqov xonadonida bo‘lgan edi. Shavkat Mirziyoyev Shodi bobo va u kishining umr yo‘ldoshi Salomat momo bilan oilaning kundalik hayoti, farzandlar va nabiralarning tarbiyasi to‘g‘risida suhbatlashdi. Va Shodi boboga so‘nggi rusumdagi Captiva avtomobilini sovg‘a qildi. Mashina haqida gap ketganda, Shavkat Mirziyoyev Chevrolet Malibu avtomashinasini boshqarishni xush ko‘rishi eslab o‘tish lozim. Davlat rahbari 25 mart kuni Toshkent shahridagi qurilishi tugallangan va rejalashtirilayotgan inshootlarni Chevrolet Malibu avtomobilining yangi namunasida borib ko‘rgandi.

Foto: Skrinshot

30 mart kuni esa Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan videoselektorda televideniye faoliyati tanqid qilingan va tizimni o‘zgartirish kerakligi ta'kidlangan. Bu sohada ahvol «eski hammom, eski tos» bo‘lib qolayotgani aytilgan. Shundan so‘ng, may oylarida «O‘zbekiston 24» nomi ostida yangi milliy axborot-tahliliy teleradiokanal paydo bo‘lishi haqida xabar paydo bo‘ldi.

O‘zbekistonda 2017 yil aprelida faoliyat boshlagan Xalqaro Press-klub