O‘zbekistonda qonunchilik va norma ijodkorligida yangicha yondashuvni nazarda tutadigan Qonunchilik  ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasi ishlab chiqiladi. Bu haqda «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili» davlat dasturi loyihasida ma'lum qilingan.

Ta'kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bu boradagi tegishli Farmoni loyihasi Oliy Majlis palatalari (kelishuv asosida), Adliya vazirligi, AQHMI, TDYuU, IIV Akademiyasi tomonidan 2018 yil 1 aprelga qadar ishlab chiqiladi.

Loyihada:

muayyan ijtimoiy munosabatlarning aynan qaysi turdagi qonun hujjati bilan tartibga solinishini aniq belgilash;

“aqlli tartibga solish” modellari va qabul qilinayotgan qarorlar ta'sirini tahlil qilish metodologiyasini joriy etish;

to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonunlar qabul qilish amaliyotini kengaytirish;

qonun ijodkorligi jarayonida qo‘llaniladigan tamoyillarni (ijtimoiy adolat, xalqchillik, jamoatchilik fikrini o‘rganish, ochiqlik, samaradorlik, korrupsiyaga qarshi ekspertiza va h.k.) joriy etish;

idoraviy hujjatlar qabul qilish amaliyotini bosqichma-bosqich qisqartirish;

qonun ijodkorligining zamonaviy uslublarini (masalan, “One in two out”, “Sunset clauses”, “Open ended” tamoyillari asosida va boshqalar) joriy etish nazarda tutiladi.

Shuningdek, sog‘liqni saqlash muassasalari faoliyati ustidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi nazoratini yanada takomillashtirish mo‘ljallanmoqda. Bu haqdagi tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va amaliy chora-tadbirlar 2018 yil 1 fevralga qadar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi (kelishuv asosida), Vazirlar Mahkamasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi.

Bunda Sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha qo‘mita a'zolarining joylarda ish olib borish tartibini belgilash va parlament nazorati tadbirlarini amalga oshirish nazarda tutiladi.

Bundan tashqari, Oliy Majlis Senatining mahalliy vakillik organlari faoliyatiga ko‘maklashish borasidagi faoliyati kuchaytiriladi. Oliy Majlis Senati, siyosiy partiyalar (kelishuv asosida), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kenesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bu boradagi tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va amaliy chora-tadbirlarni 2018 yil 1 martga qadar ishlab chiqadi.