2017 yilda O‘zbekistonda iste'mol sektorida inflyatsiya darajasi 14,4 foizni tashkil qildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi matbuot xizmati ma'lum qildi.

Iste'mol narxlari indeksi (INI), mamlakat iste'mol sektorida inflyatsiya darajasini ifodalaydigan asosiy indikatordir.

O‘zbekistonda INI hisoblash tizimi 1994 yilning yanvar oyidan boshlab Xalqaro Valyuta Fondi (XVF)ning texnik ko‘magi asosida amalga oshirila boshladi.

INI «Iste'mol narxlari indeksi bo‘yicha qo‘llanma: Nazariya va amaliyot» (XVF, Iqtisodiy hamkorlik va rivojlantirish fondi, Yevrostat, EIK, Jahon banki va XMT) uslubiy nizomiga asosan shakllantiriladi.

Hozirgi vaqtda INI hisoblashda iste'moldagi 350 turdagi tovar va xizmatlar to‘plamidan foydalaniladi. Bular uch yirik guruhga – oziq-ovqat (96ta), nooziq-ovqat tovarlari (188ta) hamda xizmatlarga (66ta) bo‘lingan. Shunday qilib INIni hisoblash uchun iste'mol to‘plami, aholi tomonidan eng ko‘p iste'mol qilinadigan tovar va xizmatlar respublikaning barcha hududlari uchun yagona bo‘lgan guruhini ifodalaydi.

Davlat statistika qo‘mitasi xabarida ta'kidlanishicha, INIni hisoblashda narx omiliga qo‘shimcha ravishda (ya'ni, tovar va xizmatlarning haqiqiy narxini o‘zgarishida) ma'lum tovar va xizmatlarning o‘ziga xos aniq salmoq hissalari ham ta'sir qiladi. Shunday qilib, iste'mol narxlari indeksi bo‘yicha butun mamlakat bo‘ylab tovar va xizmatlarning narxlari harakati xilma-xilligi (o‘rtachalashtirib) umumlashtiriladi.

2017 yilda oziq-ovqat tovarlari 15,9 foizga, nooziq-ovqat tovarlari 16,1 foizga, xizmatlar 8,6 foizga qimmatlashdi.

Iste'mol narxlari indeksi va inflyatsiya darajasi

Foto: Davlat statistika qo‘mitasi

Iste'mol narxlarining o‘rtacha oylik o‘sish sur'ati 1,1 foizga oshib borishi mahalida, narxlarning sezilarli darajada noyabrda 2,0 foizga va dekabr oyda 2,7 foizga ko‘tarilishi kuzatilib, minimal o‘sish esa iyunda 0,3 foiz va iyul oyida 0,4 foiz qayd etildi.

2017 yil uchun tovar va xizmatlarning iste'mol narxlari indeksi dinamikasi