O‘zbekiston | 11:12 / 22.01.2018
49811
5 daqiqa o‘qiladi

Jahon banki bosh ijrochi direktori: "Bu yil o‘zbeklar chempionlar orasida!"

Kuni kecha Jahon banki bosh ijrochi direktori Kristalina Georgiyeva bilan eksklyuziv intervyu o‘tkazildi. U O‘zbekistondagi islohotlar, xorijiy investitsiyalar, mamlakat imkoniyatlari, yoshlar shijoati kabi mavzular haqida so‘zlab, ushbu tashrifdan katta taassurot olganini ta'kidladi. Intervyu O‘zbekiston Prezidentining Facebook'dagi sahifasida taqdim etildi.

"O‘zbekistonda bo‘lmaganimga 20 yildan oshibdi. Mamlakat juda yaxshi tomonga o‘zgargan. Bugun bizning 2 milliard dollarlik loyihalarimiz bor, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi va suv ta'minotiga doir. Biroq so‘nggi yil juda faol bo‘ldi. O‘zbekistonning uni yaxshi tomonga o‘zgartirishga siyosiy irodasi yetarli davlat rahbari bor. Uchrashuvimiz davomida u inson menda juda kuchli taassurot qoldirdi", - deydi Jahon banki ijrochi direktori.

Kristalina Georgiyeva valyuta kursi liberalizatsiyasi uning to‘g‘ri ekanini isbotlayotganini qayd etdi.

"Biz biznes vakillari bilan suhbatlashdik va ular iqtisodiyotning ochilayotgani hamda savdo-sotiq rivojlanishi imkoniyatlari haqida aytishdi. Biz mamlakat iqtisodiyotining o‘sishi 5,6-5,7 foiz bo‘lishini kutyapmiz. Bu jahon iqtisodiyoti fonida yetarlicha baland ko‘rsatkichlar. Biroq mamlakat undan-da shiddatli rivojlanish, ishbilarmonlar uchun shart-sharoitlar yaxshilanishi, ko‘proq xorijiy investitsiya kiritish, mamlakat aholisi o‘z iste'dodini ko‘proq namoyon qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi tarafdori", - qo‘shimcha qildi u.

"O‘zbeklar - ishbilarmon xalq. Ularga o‘zlarini namoyon qilish imkonini berish kerak. Biz mamlakat hayotida ishtirokimizni sezilarli darajada oshirishga tayyormiz", - deydi K.Georgiyeva.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kelgusi ikki hafta direktorlar kengashiga 800 million dollarlik loyiha taqdim etiladi.

"Biz islohotlarning jiddiyligiga  ishonamiz va ularni qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz. Biz Prezident bilan tashkilotimiz faoliyati, uning butun dunyo mamlakatlaridagi ishtiroki, sharoitlarga qayta moslashgan mamlakatlar iqtisodiyotlari, investitsion iqlimni yaxshilash, ayollar va erkaklarning o‘zini namoyon qilishi uchun sharoitlar yaratish,  haqida suhbatlashdik. Juda qiziq, kelgusida O‘zbekistonda bularning bari qanday amalga oshishini ko‘rish uchun yana ko‘p marta bajonidil kelaman", - deydi Georgiyeva xonim.

Shuningdek, Jahon banki ijrochi direktori O‘zbekiston - yosh mamlakat ekani, ular uchun esa mamlakat kelajakka - raqamli iqtisodiyot, tezkor internet, o‘z iste'dodini namoyish qilishga ko‘proq imkoniyatga ega bo‘lish va butun dunyoda raqobatbardosh bo‘lishga yo‘naltirilgan bo‘lishi muhimligini ta'kidladi.

"Bu oson ish emas, lekin ishonch va mobillashuv bor joyda, yuqorida - siyosiy iroda, pastda esa - ijobiy yondashuv bo‘lgan joyda buning iloji bor. Odamlarning mamlakat kelajagiga ishonchini oshirgani menda kuchli taassurot qoldirdi", - deydi u.

O‘zgarishlar oson bo‘lmasligi, lekin ularga erishilishiga ishonchi kuchli ekanini qayd etgan Georgiyeva xonim, o‘zbeklar ishning ko‘zini bilishini ta'kidladi. Uning aytishicha, Jahon banki ofisida faoliyat yuritadiganlar orasida o‘zbeklar ko‘p, ular nafaqat umidini uzmay mehnat qiladi, balki ularning ko‘zlarida ijobiy yondashuv, shijoatni ko‘rish mumkin.

Shu o‘rinda ijrochi direktor butun umr o‘qib-o‘rganish kerakligi va bolalarga ham shuni o‘rgatish kerakligi muhim ekanini ta'kidladi.

"Rivojlangan mamlakatlarda nimani ko‘ramiz? Aynan moslashuvchanlik, har qanday sharoitda ishlashga tayyorlik, o‘zgarishlarga ijobiy yondashuv, ularning yaxshilik tomonga ekaniga ishonish - raqobatbardosh dunyoda g‘oliblarga xos xususiyatlarni belgilab beradi. O‘zbekistonga chempionlar orasida bo‘lishni tilayman.

Darvoqe, bizda Doing Business tasnifi bor - O‘zbekiston so‘nggi yilda yetakchi o‘ntalikka kirdi, u shu yilning chempionlari orasida!  U yuqoriga ko‘tarildi va bu o‘zgarishlar uchun juda yaxshi indikator", - dedi Kristalina Georgiyeva va O‘zbekistonga samimiy tilaklarini bildirib qoldi.

Mavzuga oid