O‘zbekiston | 03:20 / 23.01.2018
34484
3 daqiqa o‘qiladi

«Har bir davlat xizmatchisi har kuni o‘zi egallab turgan lavozimiga loyiqligini isbotlashi shart»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning besh ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha harakat strategiyasini amalga oshirishga oid «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»dagi Davlat dasturi to‘g‘risida»gi Farmonida dasturda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun mas'ul davlat organlari va tashkilotlarning o‘z vazifalarini to‘laqonli bajarishi shartligiga e'tibor qaratilgan. 

Davlat dasturiga asosan 2018 yil 1 iyulga qadar Davlat xizmati to‘g‘risida qonun ishlab chiqiladi.

Adliya vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, qonunda davlat xizmatchilarining huquqiy maqomi, moddiy va ijtimoiy ta'minoti, davlat xizmatiga ishga o‘tish, xizmatni o‘tash va xizmatdan bo‘shash tartibi belgilanadi.

Qonunning qabul qilinishi davlat idoralarida xizmatni haqiqatdan nufuzli faoliyatga aylantiradi, davlat xizmatchilarining mehnat haqi va ijtimoiy himoyasi uchun munosib tizimni shakllantiradi, yuklatilgan vazifalarning sifatli ijrosi uchun davlat xizmatchilarining javobgarligini oshiradi. 

«Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun mas'ul davlat organlari va tashkilotlar eng avvalo zamonaviy ishlab chiqarishni joriy etishga mo‘ljallangan innovatsion g‘oyalar hamda texnologiyalarni, faol tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga, hududlar ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatining barqaror o‘sishi va aholining hayot darajasi hamda farovonligini oshirishga ko‘maklashuvchi fan va innovatsion faoliyatni jadal rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga, ilg‘or fikrlaydigan, tashabbuskor va mas'uliyatli xodimlar hamda fuqarolarni har tomonlama amaliy qo‘llab-quvvatlashga, «Har bir davlat xizmatchisi har kuni o‘zining mehnati bilan egallab turgan lavozimiga loyiqligini isbotlashi shart» degan qoidani ro‘yobga chiqarishga alohida e'tibor qaratsin», deyiladi farmon matnida.

Prezident Murojaatnomasida belgilangan vazifalar farmon bilan tasdiqlandi

Mavzuga oid