UYeFA va unga a’zo 55 ta milliy futbol federatsiyasi jahon chempionati huquqlarini xususiy investorlarga sotish rejasidan voz kechilmaguncha FIFA shafe’ligidagi barcha musobaqalarni boykot qiladi, deyiladi tashkilot saytida e’lon qilingan bayonotda.

«Ushbu takliflar o‘z kuchida qolar ekan, birorta ham milliy jamoa FIFAning hech qaysi musobaqasida ishtirok etmaydi», - deyiladi bayonotda.

Bayonotda aytilishicha, jahon chempionatiga investitsiyaviy mahsulot deb qaramaslik kerak.

«Bu futbolning eng buyuk sport meroslaridan biri. U barcha qit’alarning futbolchilar avlodlari, milliy jamoalari va muxlislari tomonidan yaratilgan. Uning birorta ham qismi hech qachon xususiy investorlarga berilmasligi shart. Jahon chempionati sotilmaydi», deyiladi UYeFA bayonotida.

FIFA prezidenti Janni Infantino jahon chempionatidagi ulushning bir qismini sotishni rejalashtirayotgani haqida bir necha kun avval ma’lum bo‘lgandi. Ehtimoliy xaridor - Donald Trampning kuyovi Jared Kushnerning ukasi Joshua Kushner boshchiligidagi investorlar guruhi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu reja bo‘yicha AQSh prezidenti ma’muriyatiga maslahatlar berilgan, jarayon bilan JP Morgan shug‘ullanmoqda. Qit’a konfederatsiyalari rahbarlari esa bu haqda ommaviy axborot vositalari orqali xabar topishdi.

Keyinroq Sky News Infantino FIFAga a’zo assotsiatsiyalarga maktub yuborib, ularga bu rejani qo‘llab-quvvatlash uchun 19 sentyabrga qadar muhlat berganini, reja qabul qilinishi uchun rag‘bat sifatida 40 million AQSh dollari taklif qilgani haqida xabar berdi. Infantino assotsiatsiyalarni agar ular bu rejani qo‘llab-quvvatlamaydigan bo‘lsa, rivojlanish loyihalari, ommaviy futbol va milliy jamoalar uchun mablag‘lar anchagina kamayishi haqida ogohlantirgan.

UYeFA mazkur qarorni keskin tanqid qildi. Yevropa futbol uyushmasiga ko‘ra, «FIFA taqiqlangan chegaradan chiqmoqda» hamda futboldan «o‘zi va do‘stlarini boyitish vositasi sifatida» foydalanishni davom ettira olmaydi.

The Times nashrining yozishicha, Osiyo futbol konfederatsiyasi prezidenti shayx Salmon konfederatsiyaning 47 a’zosiga yo‘llagan maktubida FIFA tomonidan maslahatlashuvlar bo‘lmagani uchun «chuqur xavotir va taassuf bildirgan. Shimoliy va Markaziy Amerika hamda Karib havzasining 41 mamlakati a’zo bo‘lgan KONKAKAF ham bu rejaga tanqidiy yondashgan.