O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 17 noyabrida iqtisodiy-ijtimoiy islohotlarning borishi bilan tanishish maqsadida Toshkent shahrining Sergeli tumaniga tashrif buyurgan edi. Davlat rahbari kam ta'minlangan va uyga muhtoj oilalarga imtiyozli kreditlar evaziga berish hisobiga ko‘p qavatli uylarning qurilishi va ularning kimlarga taqdim etilgani bilan ham qiziqdi.
O‘shanda prezidentga yangi uylar yonida barpo etilgan 55-o‘rta maktab va 18-maktabgacha ta'lim muassasasida o‘quvchilar va yosh bolalarga yaratilgan sharoitlar namoyish etilgandi. KUN.UZ muxbiri maktabdagi sharoitlar bilan bevosita tanishganida, haqiqatdan ham qisqa fursatda kishining ko‘nglini yorishtiruvchi ishlar qilingani hamda ta'lim maskanida barcha imkoniyatlar mujassam ekaniga guvoh bo‘ldi.

























