Parijda 33-sonli xalqaro avtomobil festivali bo‘lib o‘tdi. Festival doirasida an'anaviy ravishda yakunlangan yilning eng chiroyli mashinalari ma'lum qilindi. Festivalning hakamlar hay'ati g‘oliblarni ham seriyali ishlab chiqariluvchi mashinalar, ham kontsept-karlar orasidan tanlab oldi. Bundan tashqari, festival tashkilotchilari ikkita personal mukofot topshirishdi. Bular haqida quyida bilib olasiz.    

2017 yilning eng chiroyli avtomobili – Alpine A110

Alpine A110 kupesi debyuti 2017 yil martida Jyenevadagi avtosalonda bo‘lib o‘tgan. Mashina qayta tiklangan brendning ilk modeli bo‘ldi. Kupe 1,8 litrli, 252 ot kuchiga ega turbodvigatel bilan jihozlanadi va 100 km/soat tezlikka 4,5 soniyada erisha oladi.

Bu yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblikka BMW X2 (2-o‘rin), DS7 Crossback (3-o‘rin), Volvo XC60, Jaguar E-Pace va Mazda MX-5 modellari ham da'vogarlik qildi. G‘oliblar xalq tomondan ovoz berish orqali aniqlandi.

Foto: Alpine A110
Foto: Alpine A110

2017 yilning eng chiroyli intereri – DS7 Crossback

DS7 eng bosh unvon uchun g‘oliblikni qo‘ldan boy bergan bo‘lsa-da, biroq mukofotsiz qolmadi va eng chiroyli interer yo‘nalishida g‘olib bo‘ldi. 

Foto: DS7 Crossback

2017 yilning eng chiroyli superkari – McLaren 720S

Parijda yil superkari sifatida McLaren 720S e'tirof etildi. Ushbu ikki eshikli mashina ham Jyenevada ilk bor taqdim qilingandi. Kupe 4 litrli, 8 silindrli tvin-turbo motor bilan jihozlangan, uning quvvati 720 ot kuchini tashkil qiladi. Superkar 100 km/soat tezlikka 2,9 soniyada erishadi.