Dindorlarning radikallashuviga qarshi kurashish uchun islom va ekstremizmni farqlash kerak. Bu haqda “MDH musulmonlari o‘rtasida radikal mafkura tarqalishining qanday oldini olish mumkin” videoko‘prigi vaqtida Qozog‘istonning harbiy-strategik tadqiqotlar markazi mutaxassisi Yerlan Risbekov aytib o‘tdi.
“Hozirda islom bu ekstremizm, masjidlarning to‘la bo‘lishi radikallashuv ko‘rsatkichi deb atovchi ba'zi “mutaxassislar”ni uchratish mumkin. Biroq bunday emas. Bunday fikrlardan voz kechish va OAVda islom haqida jazavani to‘xtatish lozim”, deb aytgan Risbekov.
Uning fikricha, bunday fikrlar radikallarga qo‘l keladi, ular bu fikrlardan yangi izdoshlarini jalb qilish uchun foydalanadilar.
“Ekstremizmning negizi begonalashuv, jamiyatga aralashmaslik, hayot, yon atrofdagilar va hukumat harakatlaridan norozilikdir. IShID yoshlar ko‘z o‘ngida bir brendga aylangan va uning asl maqsadini fosh qilmoq lozim”, deb aytgan mutaxassis.
Risbekovning fikricha, ekstremizmga qarshi kurashda birinchi navbatda yoshlar, ijtimoiy muammolarni bartaraf etish hamda islom va ekstremizmni farqlash ustida ishlash lozim.











