Shavkat Mirziyoyevning “Toshkent shahrida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida” qaroriga muvofiq ichki ishlar tizimida quyidagicha tartib o‘rnatiladi:
a) O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining o‘rinbosari – Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i:
- har o‘n kunda Toshkent shahar aholisi bilan poytaxt ichki ishlar organlari faoliyati masalalari bo‘yicha mahalliy telekanallar efirlarida maxsus ko‘rsatuvlarni berib borish orqali ochiq muloqotni o‘tkazadi;
- har oyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga poytaxtda jamoat xavfsizligini ta'minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida hisobot taqdim etadi;
b) muvofiqlashtirish boshqarmalari boshliqlari har chorakda, ularning o‘rinbosarlari esa har oyda Toshkent shahri tumanlari xalq deputatlari Kengashlari majlislarida hisobot berishadi, bunda ular tomonidan yuklatilgan vazifalarning bajarilishi yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar tanqidiy ruhda muhokama qilinadi, ularning faoliyati samaradorligiga baho beriladi, shuningdek, egallab turgan lavozimiga loyiq yoki noloyiqligi to‘g‘risida tavsiyalar qabul qilinadi;
v) ichki ishlar bo‘limlari boshliqlari har oyda aholi oldida biriktirilgan hududlarda, har olti oy davomida ushbu hududda istiqomat qiluvchi barcha oilalarni qamrab olgan holda, ular tomonidan jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida qabul qilinayotgan choralar yuzasidan hisobot berishadi;
g) ichki ishlar bo‘limlarining profilaktika inspektorlariga:
- xizmat o‘tash vaqtida agarda biriktirilgan hududda tezkor-profilaktik xizmat ko‘rsatilmay qolishiga olib keladigan bo‘lsa, hududni tashlab ketishga ruxsat berilmaydi;
- ularga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun, birinchi navbatda, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda respublika miqyosida bir-birlariga ijro etilishi majburiy bo‘lgan, tadbirlarni o‘tkazish va ma'lumot to‘plash bo‘yicha topshiriqlar berish huquqi beriladi.
Shuningdek, qarorda belgilanishicha, ichki ishlar bo‘limlari boshliqlari lavozimlari ustuvorlik asosida profilaktika katta inspektorlari orasidan jamlanadi. Intizomiy jazo chorasi sifatida yoxud boshqa salbiy holatlarga ko‘ra, ichki ishlar organlarining boshqa bo‘linmalaridan o‘tkazilayotgan xodimlarni Toshkent shahri profilaktika inspektorlari lavozimlariga tayinlashga yo‘l qo‘yilmaydi.















