Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va bevosita topshirig‘i asosida mamlakatimizda ilk bor dunyo tibbiyotida eng murakkab va nozik amaliyot hisoblangan organlar transplantatsiyasi bo‘yicha zamonaviy operatsiyalar amalga oshira boshlandi, deb xabar qilmoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati.
O‘tgan yildan e'tiboran Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida buyrak ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha operatsiyalar muvaffaqiyatli bajarib kelinayotgan bo‘lsa, yaqinda ushbu markazda mamlakatimiz tibbiyoti tarixida birinchi marta jigarni ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasi bajarildi.
Respublika Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish institutida yana bir noyob amaliyotga qo‘l urildi. Institut olimlari jahon tibbiyotining ilg‘or yo‘nalishi – o‘zak hujayra transplantatsiyasini o‘zlashtirib, hozirda uni muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘ydi. 2017 yilda institutda besh nafar og‘ir qon kasalligi bilan xastalangan bemorga shu yo‘nalishda tibbiy yordam ko‘rsatildi va ular sog‘lom hayotga qaytmoqda.
Transplantologiya tibbiyotning eng murakkab, o‘ta mas'uliyatli va ayni paytda, ehtiyoj ortib borayotgan yo‘nalishlaridan biri sanaladi. Sir emas, ilgari zarurat tufayli ayrim bemorlar chet davlatlarga borib, 40 mingdan 150-200 ming AQSh dollarigacha bo‘lgan narxlarda bunday jarrohlik amaliyotini o‘tkazishga majbur bo‘layotgan edi. Mana, endi shunday murakkab va noyob operatsiyalar yurtimizdagi tibbiyot markazlarida ham muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda.
O‘zak hujayra transplantatsiyasini amalga oshirish uchun eng avvalo yuqori texnologiyali diagnostika-tahlil laboratoriya usullari va yuqori sezgirlikka ega reagentlar kerak. Zero, kasallikni aniqlash uchun xromosoma va gen darajasida tahlillar o‘tkazilishi zarur. Bu jarayon uch bosqichda o‘tkaziladi. Ya'ni, tsitogenetik, molekulyar-genetik, hujayrani immunofenotip tahlil qilish talab etiladi. Shunisi e'tiborliki, Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish instituti klinikasining molekulyar tibbiyot va hujayralar texnologiyasi bo‘limi bu borada qo‘llaniladigan eng so‘nggi texnologiyalar bilan jihozlangan.
Hozirgi kunda institutda yangi texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish maqsadida gemopoetik o‘zak hujayralarini davolash markazi tashkil etilgan. Ushbu yangicha davolash uslubini chuqur o‘zlashtirish maqsadida Turkiya, Germaniya, Rossiya, Chexiya, AQSh kabi mamlakatlarda 35 nafarga yaqin mutaxassislar, jumladan, gematolog vrachlar, laborantlar va hamshiralar malaka oshirib keldi.
Aytish joizki, o‘zak hujayrani ko‘chirib o‘tkazish bilan bog‘liq murakkab amaliyotga muhtoj bemorlar sog‘lig‘ini tiklash uchun shifoxonada yaratilgan sharoit ham nihoyatda muhimdir. Gemopoetik hujayralarni davolash markazidagi muolaja xonalari eng so‘nggi texnologiyalar bilan jihozlangani bu borada muhim ahamiyat kasb etayotir. Ya'ni, muolaja xonalari Fransiyadan olib kelingan uch bosqichda palata havosini sterillash, tozalash funksiyasini bajaradigan maxsus ventilyatsiya sistemasi bilan jihozlangan. Chunki, qon kasalligi tufayli transplantalogiya amaliyotiga muhtoj bemorning immuniteti nihoyatda zaif bo‘ladi. Bunday bemorlar uchun avvalo steril muhit yaratish muolajalarning asosiy qismi hisoblanadi. Markazda shunday sharoitlarning mavjudligi muolajalarni yuksak saviyada o‘tkazishga imkon yaratmoqda.















