O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 28 fevraldagi PQ-3571-sonli «Davlat maktabgacha ta'lim muassasalari xodimlarining ayrim toifalari mehnatiga haq to‘lashni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori imzolandi. Hujjat matni prezident matbuot xizmati tomonidan keltirilgan.

Ushbu qaror uzluksiz ta'lim yagona tizimining muhim bo‘g‘ini sifatida maktabgacha ta'lim tizimini yanada takomillashtirish, xodimlarning mehnatiga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirishning munosib shart-sharoitlarini yaratish, yuqori malakali kadrlarni, shu jumladan, yosh bitiruvchilarni jalb etish, jamiyatda davlat maktabgacha ta'lim muassasalari pedagoglarining nufuzini oshirish maqsadida qabul qilingan.

Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi, Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining davlat maktabgacha ta'lim muassasalari xodimlari ayrim toifalarining 2018 yil 1 martdan boshlab – mudirlar, tarbiyachilar, metodistlar, o‘qituvchilar, defektologlar, psixologlar, musiqa rahbarlari va tarbiyachining yordamchilari mehnatida haq to‘lashning bazaviy tarif stavkalari – 30 foizga, 2018 yil 1 sentabrdan boshlab tayyorgarlik (5 yoshdan 6-7 yoshgacha) guruhi tarbiyachilari, oliy ma'lumotli o‘qituvchilar, defektologlar, psixologlar mehnatida haq to‘lashning bazaviy tarif stavkalari, ularning bazaviy tarif stavkalari miqdorlarini umumta'lim maktablari boshlang‘ich sinflari o‘qituvchilarining bazaviy tarif stavkalari miqdorlariga tenglashtirgan holda – 30 foizga, oliy yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar pedagogik ma'lumotli tarbiyachining o‘rinbosarlari mehnatiga haq to‘lashning bazaviy tarif stavkalari – 20 foizga, maktabgacha ta'lim muassasalari mudirlari mehnatiga haq to‘lashning bazaviy tarif stavkalari – 10 foizga tabaqalashtirib oshiriladi.

Buning natijasida davlat maktabgacha ta'lim muassasalarida mehnat qilayotgan jami 93555 nafar xodim, shundan 4908 nafar mudir, 3924 nafar oliy ma'lumotli tarbiyachi, 39523 nafar o‘rta maxsus ma'lumotli tarbiyachi, 673 nafar metodist, 3765 nafar defektolog, 1450 nafar psixolog, 33259 nafar tarbiyachi yordamchisi va 7503 nafar musiqa rahbarining ish haqlari sezilarli darajada oshiriladi.

Ushbu qarorda 2018 yil sentabr oyidan boshlab oliy ma'lumotga ega bo‘lgan tayyorlov guruhi (5 yoshdan 6-7 yoshgacha) tarbiyachisi mehnatiga haq to‘lashning bazaviy tarif stavkalari miqdori umumta'lim maktablari boshlang‘ich sinflari o‘qituvchilarining bazaviy tarif stavkalari miqdoriga tenglashtirilishi belgilab qo‘yilgan.