O‘zbekiston | 08:37 / 03.03.2018
7620
3 daqiqa o‘qiladi

BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari: “O‘zbekiston rahbariyati olib borayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlaymiz”

Foto: Adliya vazirligi axborot xizmati

BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Jyenevada bo‘lib o‘tayotgan 37-sessiyasi doirasida tarkibida O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri R.Davletov va Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori A.Saidovlardan iborat bo‘lgan mamlakat delegatsiyasi BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn bilan uchrashdi. Bu haqda Adliya vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.
 
Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi inson huquqlari bo‘yicha hamkorlikning bugungi kundagi holati va istiqbollari muhokama etildi. 
  
Oliy komissar O‘zbekistonda so‘nggi yillarda barcha sohalarda amalga oshirilgan ishlar, jumladan, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli  himoya qilish, odil sudlovga erishishni takomillashtirish, sud jarayonining samaradorligi va sifatini oshirish borasidagi keng ko‘lamli islohotlarga katta qiziqish bildirdi.

Shuningdek, Oliy komissarga Harakatlar strategiyasining “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”dagi ijrosi asosiy natijalari hamda O‘zbekiston va BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar boshqarmasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi”  to‘g‘risida batafsil ma'lumot berildi. 

Zayd Raad al-Husayn o‘zining  2017 yilning may oyida yurtimizga qilgan tashrifi, prezident Shavkat Mirziyoyev bilan Toshkent va Nyu-Yorkdagi muzokaralarini iliq xotirladi. 

Oliy komissar mamlakat hayotining barcha jabhalarida  amalga oshirilayotgan izchil demokratik o‘zgarishlarni ijobiy baholadi. Jumladan, sud-huquq tizimidagi islohotlarning, milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga mos ravishda takomillashtirish borasidagi  ishlarning muhimligini ta'kidladi. 

BMT IHOKB rahbari O‘zbekiston taraqqiyot yo‘lining to‘g‘ri bosqichida ekanini alohida qayd etdi. Yurtimizda hukm surayotgan millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni asrab-avaylash muhimligiga e'tibor qaratdi. 

U davlat rahbarining 2018 yil  kuz oylarida Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi hamda O‘zbekistonning 2021-2023 yillarda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a'zo bo‘lish to‘g‘risidagi tashabbusini mamnuniyat bilan qabul qildi. 

Oliy komissar IHOKB mamlakat bilan inson huquqlarining barcha sohalarida mazmunli va samarali hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini  tasdiqladi. Uchrashuv yakunida  Zayd Raad al-Husayn kelajakda o‘z oilasi bilan O‘zbekistonga tashrif buyurish istagini bildirdi. 

Mavzuga oid