1 mart kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Angren shahar sudida Qo‘qondagi «Istiqlol» savdo kompleksi yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha sud jarayonlari davom ettirildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar beradi.
Mazkur jinoyat ishi Rahmat Sulaymonov va Rustam Sulaymonovlarga nisbatan tergov qilinib, ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qism «a» va «g» bandlari (tuhmat), 165-moddasi 3-qism «a» bandi (tovlamachilik) hamda 168-modda 3-qismi «a» bandi (firibgarlik) bilan ayblov e'lon qilingan.
Mavzuga doir: Qo‘qon bozorining egasi kim? Sud ishi boshlandi
Dastlab sud majlisiga guvoh sifatida chaqirilgan, jabrlanuvchi Alisher Sulaymonovning qarindoshi 64 yoshli Abbosxon Sulaymonov ko‘rsatmalari tinglandi.
«Alisherning dadasi sotib olgan yer, qurilishi tugallanmagan bino, tashlandiq axlatxona edi. Qisqa muddatdan so‘ng, Avaz (A.Sulaymonovning otasi - tahr.) qamalib qoldi. Aslida o‘sha sotib olingan yerda norasmiy savdo bozori faoliyat yuritib kelgan. Alisherning otasi sudlangach, men o‘zim barchasiga bosh-qosh bo‘ldim: bozorda qurilish, tozalash ishlarini boshladim. Shu orada Qo‘qon hokimiyati yerni davlat zaxirasiga qaytarib olishga bir necha marta harakat qildi.
Ochig‘i, juda ko‘p harakatlar bo‘ldi. Ko‘p marta sudlarda yutib chiqaverdik. Bozorni zamonaviylashtirish, soliqdan kelib chiqqan qarzdorlikni yopish uchun yirik mablag‘ talab etilardi, bu pul menda yo‘q, Alisherda ham yo‘q. Shu orada nabiram (Alisher Sulaymonovni nazarda tutmoqda - tahr.) oldimga dod solib keldi: G‘aniyev Rahmat undan 100 ming dollar talab qilib, tuhmat qilayotganini aytdi. Go‘yoki, G‘aniyev 100 ming berganman, deb tuhmat qildi degani bo‘yicha barcha yozuv-chizuvga qarashdim, juda ko‘p joyga arz qildik. Natija bo‘lmadi!
Bozor ishlarini Alisher mustaqil eplay olmasdi, shuning uchun xaridor qidirib, ko‘p odamga murojaat etaverdik, hech kim unamasdi. Qarindoshimiz Rahmat Sulaymonovga maslahat soldim, u ham o‘zimning bolam. Badavlat tadbirkor, qo‘lida 500 kishi ishlaydi. Avvaliga, Rahmat taklifga ko‘nmadi, keyinroq, Alisherning onasi Madina va Rahmat Sulaymonovlar o‘zaro kelishib olishibdi. Men aralashmadim. Batafsil qiziqish bildirsam, avval sarflagan pullarini talab qilyapti, demasin. Ammo, Alisher G‘aniyevdan 100 ming AQSh dollari olmagan, 4,200 AQSh dollari berganda tilxat yozdirib olgan kishi, bu gal indamay pulni tutqazib yuboribdimi? Alisher qo‘lida pul bo‘lsa, mashina olmaydimi? Sarflamaydimi?









