7 fevral kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Angren shahar sudida Qo‘qondagi mashhur bozor – «Istiqlol» savdo kompleksi yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha sud jarayonlari boshlangani haqida xabar berilgandi.
Mazkur jinoyat ishi Rahmat Sulaymonov va Rustam Sulaymonovlarga nisbatan tergov qilinib, ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qism «a» va «g» bandlari (tuhmat), 165-moddasi 3-qism «a» bandi (tovlamachilik) hamda 168-modda 3-qismi «a» bandi (firibgarlik) bilan ayblov e'lon qilingan.
Sud majlisida dastlab, jabrlanuvchi Alisher Sulaymonovning ko‘rsatuvi tinglandi. U o‘z so‘zlarida «haqiqatan Rahmat G‘aniyev bilan hamkorlik qilish uchun huzuriga borgani, undan 100 ming AQSh dollari olib, kelgusida yana 100 ming, jami 200 ming AQSh dollariga bo‘lajak bozorning yarmini sotgani haqida» aytib o‘tdi.
«Orada Abbosxon amakim bu yerga toshkentliklar qiziqish bildirganini, tortib olsalar, hech qanday yordam bermasligini aytdi. Shu so‘zlarni Rahmat Sulaymonov ham takrorladi, korxonasiga chaqirib, yerni o‘z nomiga rasmiylashtirib berishim zarurligini uqtirdi. Bosim va tazyiq ostida bozor uning nomiga rasmiylashtirildi. Notarius huzurida, qolaversa boshqa hujjatlarga ham shaxsan imzo chekdim. Ammo, o‘z xohishim bilan yuz bermadi. U meni qo‘rqitdi. Bo‘lgan voqeadan xabar topgan Rahmat G‘aniyev esa avvaldan bergan 100 ming AQSh dollarini qaytarishimni talab qildi. Pullarni meni qo‘rqitgan Rahmat Sulaymonovning akasi Rustam Sulaymonov orqali berib yubordim», deydi jabrlanuvchi.
Sudlanuvchining himoyachilari Alisher Sulaymonovga bir nechta savollar bilan yuzlandi. Xususan, avvalgi o‘tkazilgan sud bayonnomasida Alisher pullarni Rahmat aka orqali berib yuborgani yozilgan. Bu yuzasidan jabrlanuvchi quyidagicha fikr bildirdi:
«Sud kotibi adashgan, men aniq qilib, Rustam akani ko‘rsatgandim», deydi u. Sudlanuvchining himoyachisi «Rahmat Sulaymonovdan nega qo‘rqdingiz? Notariusda barchasini ongli ravishda amalga oshirayotganingizni bildirgansizku?!», deya yuzlanganda Alisher «ha, rost. Chunki menga shunday qilishimni buyurishdi. Gap shundaki, Rahmat aka otamni qamatib yuborgan. Meni ham qamatib yuborishidan qo‘rqdim», deb javob qaytardi.
Bozor Rahmat Sulaymonov nomiga rasmiylashtirilgach, Rahmat G‘aniyev pullarni talab qilib, IIB ariza bilan murojaat qilgan. Shunday so‘ng, Alisherga nisbatan JK 168-moddasi bilan ayblov e'lon qilinib, sud oldida javob berishga majbur bo‘lgandi. Ushbu holatda, aka-uka Rustam va Rahmat Sulaymonovlar Alisherni suddan chiqarib olish uchun keltirilgan zararni qoplagan.









