12:48 / 09.02.2018
60328

​Qo‘qon bozorining egasi kim? Sud ishi boshlandi

Foto: Illyustrativ foto

7 fevral kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Angren shahar sudida Qo‘qondagi mashhur bozor – “Istiqlol” savdo kompleksi yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha sud jarayonlari boshlandi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar beradi.

Mazkur jinoyat ishi Rahmat Sulaymonov va Rustam Sulaymonovlarga nisbatan tergov qilinib, ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qism “a” va “g” bandlari (tuhmat), 165-moddasi 3-qism “a” bandi (tovlamachilik) hamda 168-modda 3-qismi “a” bandi (firibgarlik) bilan ayblov e'lon qilingan.

Ma'lum bo‘lishicha, Qo‘qon shahar Zakiy Validiy ko‘chasi 1-“A” uyda joylashgan qurilishi tugallanmagan bino va inshootlar dastlab Alisher Sulaymonov nomiga rasmiylashtirilgan. Bu joy bolalar bog‘chasi sifatida faoliyat yuritishi nazarda tutilgandi, ammo Alisher va uning oilasi bu hududda bozor tashkil etgan.

Voqeaning qisqacha tafsilotlari quyidagi so‘zlar orqali Alisher Sulaymonov tomonidan hikoya qilinadi:

Alisher tadbirkorlikning boshlanishida amakisi Baxtiyor Sulaymonovning tavsiyasi asosida Rahmat G‘aniyev bilan hamkorlikni boshlaydi. Rahmat G‘aniyev yosh ishbilarmon yigitga qulay taklif bildirib, mol-mulkning yarmini 200 ming AQSh dollariga xarid qilishi, kelgusida hamkorlikda bozorni qayta qurishi haqida fikr bildiradi. Alisher kelishuv ortidan Rahmat G‘aniyevdan 100 ming AQSh dollari olganini bayon qildi.

Alisherning so‘zlariga ko‘ra, keyinchalik qarindoshi Rahmat Sulaymonov o‘ziga tegishli korxonaga Alisherni chaqirtirib, bozor joylashgan yerni o‘z nomiga o‘tkazib berishini aytib, bosim va tahdidlarni boshlaydi va bunday bosim natijasida Alisher notarius orqali bozorni qarindoshining nomiga o‘tkazib beradi.

Bundan xabar topgan sobiq sherik Rahmat G‘aniyev esa Alisherdan 100 ming AQSh dollarini qaytarib berishini talab qiladi.

Alisher Sulaymonov bu pullarni uni qo‘rqitib, yerni o‘z nomiga rasmiylashtirib olgan Rahmat Sulaymonovning akasi Rustam Sulaymonov orqali berib yuborganini, ammo Rustam aka pulni yetkazmaganini iddao qilmoqda.

Yuqorida tasvirlangan barcha holatlar Alisher Sulaymonovning so‘zlaridan kelib chiqqan. Ammo sudlanuvchilar Rahmat Sulaymonov va Rustam Sulaymonov bu vajlarni rad qilib, voqea aksincha bo‘lgani haqida aytishmoqda.

Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan Ziroatxon Maxsumova (Rustam va Rahmatning singlisi) aslida Alisher ularning oldiga mulkni sotib olishlarini so‘rab, o‘z oyog‘i bilan kelgani, go‘yoki qarindoshi Abbosxon va onasining maslahatlashuvidan so‘ng, G‘aniyev bilan aloqani uzishi haqida ta'kidlagan. Ziroatxonning aytishicha, voqea aslida boshqacha bo‘lgan: G‘aniyev va Alisher o‘rtasida hech qanday 100 ming AQSh dollari oldi-berdi bo‘lmagan. 

"Mulk Rahmat akam nomiga o‘tishi bilan, Rahmat G‘aniyev Alisherdan go‘yoki, ishlarni boshlash uchun bergan 100 ming AQSh dollarini talab qildi. Avval, Alisher buni tuhmat atab, dastlabki barcha sudlarda ko‘rsatma berdi. Vaziyat shunchalar chigallashib ketdiki, keyinchalik jiyanim Alisher Sulaymonov Rahmat G‘aniyev bilan bitta kemaga chiqib olishdi", deydi u.

Ma'lumot uchun, Qo‘qon shahridagi “Istiqlol” savdo kompleksi ayni paytda sudlanuvchi Rahmat Sulaymonovga tegishli bo‘lib, unda 500 dan ortiq tadbirkor faoliyat yuritadi.

Voqeaning batafsil tafsilotlari va asl haqiqat sud jarayonlarida ma'lum bo‘lsa ajab emas... . Bizni kuzatishda davom eting.

Top