Tahririyatimizga Yunusobod tumani, “Billur” MFY, 4-mavze, 34-uy, 46-xonadonda yashab kelgan oila boshlig‘i murojaat qildi. To‘lqin Hasanov 2017 yilning 12 dekabr, qishning qahraton sovuq kunida oilasi bilan istiqomat qilib kelayotgan xonadondan ko‘chishga majbur bulganini ta'kidladi hamda ushbu muammoni jamoatchilik e'tiboriga havola qilishni so‘radi.
T.Hasanovning so‘zlariga ko‘ra, u mazkur xonadonda 1996 yildan beri istiqomat qilib keladi. Buni ushbu uyda yashovchi qo‘shnilar, uy boshlig‘i, “Billur” MFY raisi A.Rahmatov tomonidan imzolangan ma'lumotnomalar ham tasdiqlaydi. Uning 2 nafar farzandi shu mavzedagi 302-maktabda a'lo baholarga tahsil olib kelmoqda. Bir farzandi “logonevroz” tashxisi bilan yaqin oradagi maktabgacha ta'lim muassasasiga qatnaydi.
Muammo bo‘yicha izoh so‘rab mahalla raisi Ahatilla Rahmatov va T.Hasanov yashab kelgan uy boshlig‘i Yoqutxon Qayumxo‘jayeva bilan ham uchrashdik.

T. Hasanov mazkur xonadonda 1996 yildan buyon e'tirozsiz yashab kelayotgani hamda o‘ziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilib kelayotgani bois, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 187-moddasiga muvofiq qonunan mulkka egalik qilish huquqi vujudga kelgan. Fuqarolik kodeksining 187-moddasida shunday deyiladi:
“Egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat
Mulkdor bo‘lmagan, lekin ko‘chmas mol-mulkka o‘n besh yil davomida yoki boshqa mol-mulkka besh yil davomida o‘ziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilgan shaxs bu mol-mulkka mulk huquqini oladi (egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat)”.
Aytish mumkinki, To‘lqin Hasanov yuqoridagilardan kelib chiqqan holda xonadonni xususiylashtirish huquqiga allaqachon ega bo‘lgan. 21 yil mobaynida ushbu kvartira bo‘yicha barcha kommunal to‘lovlarni o‘z vaqtida o‘ziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz to‘lab kelgan. Shu davr ichida hech kim “sen va oilang bu yerda noqonuniy yashayapsan” demagan.
Hukumat qarori bilan barcha turarjoylar inventarizatsiyadan o‘tkazilishi munosabati bilan 2016 yil oxirida ushbu uyga egalik huquqi kadastr bo‘limida ro‘yxatdan o‘tkazilmagani aniq bo‘lgach, Yunusobod tumani uy-joydan foydalanish bo‘limi egasiz deb topilgan uylar va kvartiralar ro‘yxatiga so‘z ketayotgan kvartirani ham qo‘shib yuborgan. Buni hokimlik uy-joy bo‘limida ishlab ketgan, egasiz deb topilgan uy va kvartiralar ro‘yxatini tuzgan sobiq mulozim (uning ism-sharifi, qaysi lavozimda ishlagani KUN.UZ’ga ma'lum) tasdiqladi.










