Prezidentning 28.12.2017 yildagi PF–5290-son Farmoni bilan 2018 yilda 3ta qo‘shimcha dam olish kuni: 2 yanvar, 20 mart va 31 avgust berildi. Norma sharhida ish kunlari qoplanishini hisoblashda amaliyotda qanday muammolar yuzaga kelganligi to‘g‘risida so‘z yuritiladi.
 
So‘zimiz avvalida qo‘shimcha dam olish kunlari byudjyet tashkilotlarida majburiy ekanligini qayd etib o‘tamiz. U yerda ular ta'til kunlarini qisqartirish orqali qoplanadi, biroq ta'til puli miqdoriga ta'sir ko‘rsatmaydi.
 
Byudjyet tashkilotlari hisoblanmagan tashkilotlarda (davlat tashkilotlari ham ana shunday bo‘lishi mumkin) qo‘shimcha dam olish kunlari mehnat ta'tiliga qo‘shimcha boshqa kunlar bilan bir qatorda tashkilotning moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, mehnat shartnomalari yoki ish beruvchi tomonidan kasaba uyushma qo‘mitasi bilan kelishib qabul qilinadigan boshqa ichki hujjatlarda belgilanadi. Shu sababli korxona ushbu modelni tanlashga qaror qilgan bo‘lsa, byudjyet tashkilotlari uchun belgilangan qoidalarni qo‘llashi mumkin.
 
Farmonning 3-bandida qayd etilishicha: «byudjyet tashkilotlarida qo‘shimcha dam olish kunlari har yilgi mehnat ta'tilining davomiyligini uch ish kuniga qisqartirish hisobiga qoplanadi, har yilgi mehnat ta'tili davrida saqlanadigan o‘rtacha oylik ish haqi miqdorini hisoblashda mehnat ta'tilining amaldagi davomiyligi hisobga olinadi, unga qo‘shimcha dam olish kunlari qo‘shiladi». Bunda har qanday tashkilotda har yillik mehnat ta'tilining davomiyligi qisqartirishni hisobga olgan holda 15 ish kunidan kam bo‘lmasligi kerak.
 
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligiga Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi bilan birgalikda 2018 yil fevral oyining boshigacha ushbu normani qo‘llashga doir batafsil yo‘riqnoma qabul qilish topshirilgan edi. Biroq mazkur maqola chiqarilgan paytga kelib (12.03.2018 yil) u e'lon qilinmadi. 
 
Yuzlab tashkilotlardagi kadrlar va buxgalteriya xizmatlari qonun hujjatlarining umumiy normalariga amal qilishiga to‘g‘ri kelmoqda. Shu asnoda ko‘p savollar yuzaga keldi.
 
Ish kunlari qoplanishi qanday hisoblanadi
 
Ish yili kalendar yili (1 yanvardan 31 dekabrgacha) bilan mos kelganda, xodim esa yil oxirida ta'tilga chiqqanda Farmonning 3-bandini qo‘llash oson bo‘ladi. Masalan, xodimning har yilgi mehnat ta'tili davomiyligi 18 ish kunini tashkil etadi. Xodim amalda 15 kun dam oladi, ta'til puli esa 18 kun uchun to‘lanadi.