Osiyo chempionlar ligasining 4-turi doirasida Toshkentning «Lokomotiv» klubi Qatarning «Ad-Duhail» klubini qabul qildi va o‘yinning oxirgi daqiqalarida o‘tkazilgan ikki gol tufayli mag‘lubiyatga uchradi.
Uchrashuvning 18-daqiqasida mehmonlar o‘yindagi dastlabki eng xavfli vaziyatni yuzaga keltirishdi. Burchakdan yetkazib berilgan to‘pga Luis Junior bosh bilan zarba berdi. Ignatiy Nesterov darvozaga kirib ketayotgan to‘pni katta qiyinchilik bilan qaytarib qoldi. 24-daqiqada Sardor Rashidov «qaychi» uslubida zarba berishga urinib ko‘rdi, lekin to‘p darvozaga kirmadi.
35-daqiqaga kelib nihoyat o‘yinda hisob ochildi. Chap qanotdan Ikrom Aliboyev boshlagan kombinatsiyani o‘ng qanotda Shoahmedov hujumga qo‘shilgan Shuhrat Muhammadiyevga yetkazib berdi. Haqiqiy laterallarga xos harakat qilgan Muhammadiyev to‘pni markazda bo‘sh turgan Sardor Rashidovga yetkazib berdi. Rashidov to‘pga teginib qo‘yish orqali chiroyli kombinatsiyani chiroyli gol bilan yakunladi.

Shundan so‘ng to‘liq ustunlik «Loko» tarafiga o‘tdi. Avvaliga Sanjar Shoahmedov qulay imkoniyatda zarba berishga kechikib vaziyatni ko‘kka sovurgan bo‘lsa, 38-daqiqada Ikrom Aliboyevning uzoqdan bergan zarbasini darvozbon qiyinchilik bilan qaytardi. 39-daqiqada esa «temiryo‘lchilar» 100 foizlik imkoniyatni ko‘kka sovurdi. Ikrom Aliboyevning ajoyib pasidan so‘ng Marat Bikmayev kuchli zarba berdi. Darvozabon to‘pni qaytardi. Qaytgan to‘pga birinchi bo‘lib yetib kelgan Islom To‘xtaxo‘jayev 1,5-2 metrdan bo‘sh qolgan darvozaga gol ura olmadi. Birinchi bo‘limning so‘ngida Marat Bikmayevda gol kiritish uchun yana qulay imkoniyat bo‘lgandi. Ammo Marat bu vaziyatdaan foydalana olmadi. Shu tariqa birinchi bo‘limda bir qator vaziyatlar yaratilgan bo‘lsada, bosh gol kiritilmadi.

Ikkinchi bo‘limda ustunlik mehmonlar tarafga ko‘chdi va ular ko‘proq vaziyat yaratishdi. 63-daqiqada Nam Te Hi 18-20 metrlar masofadan belgilangan jarima zarbasini chiroyli amalga oshirgandi. Biroq bu safar ham Nesterov uzoq burchakka ketayotgan to‘pni qaytarib yubordi. 75-daqiqada yana «Duhail» jarima tepish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Biroq bu safar jonli devorda turgan Oleg Zoteyevga tekkan to‘p yo‘nalishini o‘zgartirdi.





















