O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 mart kuni qishloq xo‘jaligi mashinasozligini rivojlantirish va sohani zamonaviy texnika bilan ta'minlash borasidagi ishlar natijadorligiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Prezidentning 2016 yil 17 noyabrdagi «O‘zagrotexsanoatxolding» aksiyadorlik jamiyati faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida qishloq xo‘jaligi mashinasozligi tizimi qayta tashkil etildi.
2017 yilda qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqarish va lizing xizmatlari 1,7 marta, mexanizatsiya xizmatlari 2,5 barobar ortdi.
Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarish, servis xizmatini yaxshilash, importni optimallashtirish, eksportni kengaytirish bo‘yicha muayyan kamchiliklar mavjudligi, qishloq xo‘jaligi texnika bilan 85 foiz ta'minlangani, ularning ma'lum qismi eskirgani, ularni o‘z vaqtida yangilash choralari ko‘rilmagani qattiq tanqid qilindi. Belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida ijrosini nazorat qilmagani uchun Bosh vazir o‘rinbosari - «O‘zagrotexsanoatxolding» aksionerlik jamiyati boshqaruvi raisi Nodir Otajonovga hayfsan berildi. Ishda yo‘l qo‘ygan sustkashliklari uchun «O‘zagrotexsanoatxolding» aksionerlik jamiyati boshqaruvi raisi o‘rinbosarlari - «O‘zagroservis» aksionerlik jamiyati bosh direktori R. Axmedov, «O‘zagrolizing» aksionerlik jamiyati bosh direktori X. Imamov, Vazirlar Mahkamasi Ahborot tahlil departamenti mudiri A. Rafiqov egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.

Bugungi kunda tarmoqda 172 mingdan ortiq texnikaga talab bo‘lgani holda, 146 mingta texnika mavjud yoki 26 mingta texnika yetishmaydi.
Fermer xo‘jaliklarining yuqori unumli haydov traktorlari bilan ta'minlanishi 75 foizni, g‘alla o‘rish kombaynlari – 86 foiz, paxta terish mashinalari – 28 foiz, qo‘shqator chigit ekish seyalkalari – 60 foiz, don ekish seyalkalari bilan ta'minlanishi 25 foizni tashkil etadi. Umuman, yetishmaydigan va eskirgan texnikani hisobga olganda, jami 82 mingta yangi qishloq xo‘jaligi texnikasiga talab mavjud.

















