Yigʻilishda Qoraqalpogʻiston hududining atigi 20 foizida geologiya ishlari oʻtkazilgani, yirik investorlar kelayotgan bir paytda xomashyo zaxiralari boʻyicha maʼlumotlar yetarli emasligi koʻrsatib oʻtildi.

Xitoylik investor Qoraoʻzakdagi “Urusoy” koniga 33 mln dollar sarmoya va texnologiya olib kirib, 200 gektarda 4 tonna oltin zaxirasini aniqlagan. Bu yerda 320 ta ish oʻrni yaratilgan.

Davlat rahbari tomonidan bir oyda investorlar koʻtargan masalalarni hal qilib, 1 ming ish oʻrniga ega oltin qazib olish va qayta ishlash klasterini tashkil etish, kompleks geologiya-qidiruv dasturini ishlab chiqib, konlar zaxiralarini qayta baholash topshirildi.

Qoʻngʻirotdagi “Borsa kelmas” konidan har yili 1 mln tonna texnik tuz qayta ishlanmasdan sotilmoqda. Boʻzatovdagi “Kuskanatau” konida mirabilitni qayta ishlab, yiliga 45 ming tonna natriy sulfat, astraxanitdan esa magniy sulfat olish mumkinligi taʼkidlandi.

Shuningdek, Germaniya kompaniyasi Beruniydagi kvarsit koniga 30 mln dollar kiritib, kristall kremniy ishlab chiqarish va yiliga 25 mln dollarlik eksportni yoʻlga qoʻyishni rejalashtirgan. Jahon bozorida bir tonna kristall kremniy 5,5 ming dollar turadi.

Kimyo sanoati mutasaddilariga dastlabki 400 mln dollarlik rejaga qoʻshimcha 200 mln dollarlik loyihalarni amalga oshirish va 5 ming ish oʻrni yaratish vazifasi qoʻyildi.

Bundan tashqari, iqlim oʻzgarishi sharoitida havoga chiqariladigan issiqxona gazlarini kamaytirish dolzarb masala ekani taʼkidlandi. Qayd etilishicha, “yashil” energiyani “karbon kredit”ga aylantirish Qoraqalpogʻistonga yiliga kamida 50-100 mln dollar daromad olib kelishi mumkin.

photo_2026-09-19_10-38-55

Mutasaddilarga bir oyda “karbon kredit” mexanizmini Qoraqalpogʻistonda yoʻlga qoʻyish, Yaponiya, Koreya, AQSH, Kanada, Buyuk Britaniya va Avstraliya kabi yirik importyor davlatlar bilan muzokaralar oʻtkazish topshirildi. “Karbon kredit” eksportidan tushadigan mablagʻlar infratuzilma uchun ajratilayotgan mablagʻlarga qoʻshimcha boʻladi va Qoraqalpogʻistonning oʻzida qoladi.