O‘zbekiston Respublikasi Normativ huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida “To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida”gi Oliy Majlis Senatining qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
Oilaviy tadbirlarni o‘tkazish tartibiga qo‘yiladigan umumiy talablarda aytilishicha, to‘y-hashamlar soat 10:00 dan 23:00 gacha, osh berish marosimlari soat 12:00 dan 15:00 gacha o‘tkaziladi. Soat 23:00 dan keyin oilaviy tadbirlarni davom ettirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
To‘y-hashamlarda 150 nafargacha, osh berish marosimlarida 200 nafargacha kishi qatnashadi.
Dafn etish va motam marosimlarida cheklanmagan miqdorda fuqarolar ishtirok etishi mumkin, osh berish marosimlari bundan mustasno.
Oilaviy tadbirlarni o‘tkazishda quyidagi talablarga rioya etilishi shart:
nikohni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda kelin-kuyovning to‘yxonaga kelishi va ketishi bilan bog‘liq oilaviy tadbirlarda jamoat xavfsizligini ta'minlash nuqtai nazaridan 2tadan ko‘p bo‘lmagan yengil avtomashinadan foydalanish;
oilaviy tadbirlarda pullik avtotransport xizmati faqat litsenziyaga ega bo‘lgan tashuvchilar tomonidan ko‘rsatilishi;
milliy urf-odat va an'analarni mensimaslik, shuhratparastlik, dabdababozlik, isrofgarchilik holatlariga yo‘l qo‘ymaslik;
mahallalarda ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligiga putur yetkazmaslik, jamiyatda shakllangan odob-axloq qoidalariga qat'iy amal qilish.
Oilaviy tadbirlarda diniy mavzuda ma'ruza ko‘zda tutilgan bo‘lsa, ushbu ma'ruza din sohasi vakili tomonidan amalga oshiriladi.
Din sohasi vakiliga adliya organlarida ro‘yxatga olingan diniy tashkilot, diniy ta'lim muassasasida ishlaydigan, diniy bilimga ega shaxs, masjid imom-xatibi va noib-imomi kiradi.
Oilaviy tadbirlarda litsenziyalanadigan faoliyat turidan foydalanilgan taqdirda, litsenziyali xizmat ko‘rsatadigan jismoniy va yuridik shaxslar to‘yxona, kafe, restoran ma'muriyatiga va ushbu xizmatdan foydalanuvchilarga bu kabi xizmatlarni ko‘rsatishga ruxsat beruvchi litsenziyaning nusxasini taqdim etadi.
Lisenziyaga ega bo‘lmagan jismoniy va yuridik shaxslarga oilaviy tadbirlarda xizmat ko‘rsatishga yo‘l qo‘yilmaydi.






